O‘zbekistonning Andijon shahridan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga mikroavtobuslar qatnovi qayta tiklandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishdagi qatnovlar 2019-yilning 25-sentabr sanasidan yo‘lga qo‘yilgan edi. 2020-yilda respublika hududiga koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida mazkur yo‘nalishdagi qatnovlar vaqtinchalik to‘xtatilgan edi.
1-iyun sanasidan ushbu yo‘nalish qayta tiklanib, Qirg‘izistonga tegishli “Transordo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 12 dona zamonaviy mikroavtobus qatnovlarni amalga oshirishni boshladi.
Davlat chegaralarini kesib o‘tish jarayonida ikki davlat fuqarolaridan so‘nggi 72 soat ichida o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi PZR testi natijalari hamda O‘zbekiston fuqarolaridan xorijga chiqish biometrik pasporti mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Avvalroq Rossiya va O‘zbekiston 10-iyundan ikki mamlakat o‘rtasidagi aviareyslar sonini oshirishi, Air Astana aviakompaniyasi Samarqand va Olmaota o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirishi hamda Uzbekistan Airways 15-iyundan boshlab Domodedovo aeroportidan parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)