Britaniyaning Rolls-Royce avtomobil ishlab chiqaruvchisi noyob Boat Tail modelini taqdim etdi. Lyuks avtomobil faqat uch nusxada taqdim etilgan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Mashina narxi hozircha oshkor etilmagan. Boat Tail o‘zi ichiga to‘rt nafar yo‘lovchini sig‘dira olishi ma’lum bo‘lib, uning uzunligi 5,8 metrni tashkil etadi.
“Bu — faqat tanlanganlar amalga oshira oladigan juda noodatiy narsa”, — deydi kompaniya direktori Torsten Myuller-Otvos. Ta’kidlanishicha, ushbu modelning har bir nusxasini yaratish uchun 1,8 mingdan ortiq noyob ehtiyot qismlar ishlatilgan.
Boat Tail’ning orqa qismi yaxta palubasi shaklida ishlangan. Har bir model Coachbuild dasturi doirasida to‘rt yil davomida dizaynerlar bilan ishlagan har bir mijoz uchun moslashtirilgan.
Avvalroq Hermes modalar uyi Rolls-Royce Phantom’ning noyob versiyasini yaratishda ishtirok etgani, shuningdek, Rolls-Royce kompaniyasi Black Badge versiyasidagi to‘q ko‘k kuzov va ugleplastikdan tayyorlangan “Ekstaz ruhi” ramzi bilan jihozlangan eksklyuziv Cullinan’ni namoyish etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)