Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Asqar Turdiqulovning xodim bilan muloqoti yozilgan audioyozuv tarqalgandi. Unda xodim boshqarma boshlig‘ini majburiy mehnatga jalb qilganlikda ayblagan. Asqar Turdiqulov esa o‘z navbatida xodimni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan.
Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan audioyozuv bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Obodonlashtirish boshqarmasining xodimi Sh.Q. 2021-yil 29-aprel kuni O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga majburiy mehnatga jalb etilganligi yuzasidan murojaat qilgan.
Holat o‘rganilib, murojaatchining xabari o‘z tasdig‘ini topgan va O‘rta Chirchiq tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Asqar Turdiqulovga nisbatan 2021-yil 19-may kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
2021-yil 26-may kuni O‘zbekiston Mehnat kodeksining 97-moddasi 1-qismiga asosan Asqar Turdiqulov bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Izoh (0)