Qoraqalpog‘istonda “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan jayronlarni noqonuniy ravishda ovlagan shaxslarga chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda Ekologiya qo‘mitasi.
Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi hamda “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ining davlat inspektorlari, Qo‘ng‘irot tuman IIV, Milliy gvardiya boshqarmasining harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda ekologik jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida Qo‘ng‘irot tumanidagi “Jasliq” MFYda yashovchi T.B. va B.R. tomonidan Ustyurt tekisligida noqonuniy ravishda “Qizil kitob”ga kiritilgan sut emizuvchilar toifasiga kiruvchi 11 bosh jayronini ovlagani hamda yonlarida 11 juft shox borligi aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib tergov, surishtiruv ishlarni olib borish uchun Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga o‘tkazildi.
Bundan avval Jizzaxda ovlash taqiqlangan baliqlarni ovlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Jizzaxda elektr qarmoqda baliq ovlab, hayvonot dunyosiga 10 mln so‘m zarar yetkazgan shaxslarga chora ko‘rilgani hamda Buxoroda noqonuniy ravishda yovvoyi quyon ovlagan brakonyerlar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)