Samarqand viloyatining Samarqand tumanida o‘zlari ijara asosida foydalanib kelayotgan yerni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan ikki kishi ushlandi. Bu haqda “Daryo”ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu fuqarolar hokimiyat balansida bo‘lgan tog‘li hududdagi 3 gektar yaylov yer maydonini mahalliy fuqaroga 30 ming dollarga sotishni rejalashtirib, tuman hokimligidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar so‘ralgan puldan 12,5 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandning Oqdaryo tumanida 50 ming dollar va Nexia-3 evaziga 1 gektar yer olib bermoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbari ushlangani, viloyatning Urgut va Bulung‘ur tumanida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)