May oyining boshida Microsoft asoschisi Bill Geyts va uning turmush o‘rtog‘i Melinda ajrashayotgani haqida ma’lum qilgach, Melinda qiymati uch milliard dollardan ortiq aksiyalar egasiga aylandi, deb yozmoqda Bloomberg.

Foto: AP Photo

Melindaga ushbu aksiyalarni Bill Geyts tomonidan uning aktivlarini boshqarish uchun tashkil etilgan Cascade Investment kompaniyasi berdi. Cascade Investment Geytsning turli kompaniyalardagi umumiy qiymati 52 milliard dollar bo‘lgan ulushlarini nazorat qiladi.

Melinda Geyts Cascade Investment kompaniyasidan Amerikaning qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqaruvchi John Deere, Meksikaning ichimliklar ishlab chiqaruvchi Coca-Cola Femsa, Kanada Milliy temiryo‘llari kabi kompaniyalarining aksiyalarini oldi.

Ma’lumot uchun, Bill va Melinda Geyts 3-may kuni ajrashayotgani haqida ma’lum qildi. Lekin ular o‘rtasida mulkning qanday taqsimlanishi noma’lumligicha qoldi. Melinda Geyts turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan taqdirda aliment talab qilmasligini aytgan.

Ajrashish haqida e’lon qilinishidan avval Bill Geytsning boyligini Forbes 130 milliard dollarga (ayni vaqtda 128,3 milliard dollar), Bloomberg esa 146 milliard dollarga (ayni vaqtda 144 milliard dollar) baholagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Amazon asoschisi Jeff Bezos va uning rafiqasi Makkenzining ajrashuvi tarixda eng qimmatga baholangan ajrashish bo‘lgan edi. Makkenzi sobiq turmush o‘rtog‘idan Amazon kompaniyasining 35 milliard dollarlik aksiyalarini olib, badavlat odamlar o‘z boyliklarining katta qismini xayriyaga yo‘naltiruvchi “Hadya qilish qasamyodi” tashabbusiga qo‘shilgan.