Microsoft asoschisi Bill Geytsning rafiqasi Melinda Geyts turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan taqdirda aliment talab qilmaydi. Bu haqda Melindaning ajrashish to‘g‘risidagi bayonotiga asoslanib TMZ agentligi xabar berdi.
TMZ ma’lumotlariga ko‘ra, Melinda o‘z arizasida turmush o‘rtog‘idan hech qanday yordam so‘ramagan.
Melinda suddan ularning nikohini “qaytarib bo‘lmaydigan tarzda buzilgani” haqida e’lon qilishni hamda mol-mulk bilan bog‘liq barcha masalalarni ajrim shartnomasiga muvofiq hal qilishni so‘ragan.
Ajrim to‘g‘risidagi shartnomaning o‘zi ajrashish to‘g‘risidagi arizaga kiritilmagan, ammo hujjatlardan kelib chiqadiki, er-xotin allaqachon bir muncha vaqt alohida yashagan va mulk to‘g‘risidagi barcha masalalarni ilgari imzolangan huquqiy bitim bilan hal qilgan. Bill Geyts ushbu hujjatni tasdiqlash to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi, ya’ni u nikoh buzilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Telegraph gazetasining yozishicha, juftlik yashaydigan Vashington shtati qonunlariga ko‘ra, ular tomonidan birgalikda sotib olingan barcha mol-mulk teng ravishda taqsimlanishi kerak. Bugungi kunga kelib Geytsning boyligi 130 milliard dollarga baholanmoqda. Shunga ko‘ra, Geytsning rafiqasi ajrashgandan keyin rekord miqdorda ko‘p mol-mulk olishi mumkin. Daily Mail nashrining yozishicha, Bill va Melinda Geytslar sud 2022-yilning aprelida o‘tkazilishini so‘ragan. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, ular sudsiz kelishuvga erishishi mumkin.
Avvalroq Bill Geyts rafiqasi Melinda bilan 27 yillik nikohdan keyin ajrashayotgani haqida e’lon qilgandi. 1994-yilda turmush qurgan juftlikning uch nafar farzandi bor — qizlari Jennifer va Fibi hamda o‘g‘li Rori.
2000-yilda er-xotin AQShdagi eng yirik xususiy fond — Bill & Melinda Gates fondiga asos solgan va shu vaqtdan beri fond 53 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan. Melinda va Bill Geyts uning asoschilari va vasiylari. Washington Post gazetasi ta’kidlashicha, aslida Melinda fondni qaynotasi bilan boshqargan, eri esa Microsoft’da doimiy faoliyatini davom ettirgan. Bill & Melinda Gates fondiga vasiylik qiluvchi yana bir kishi amerikalik investor Uorren Baffettdir.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Geytsning boyligi 130 milliard dollarga baholanmoqda, u dunyodagi to‘rtinchi, AQShdagi uchinchi eng boy odam hisoblanadi. Bundan tashqari 2021-yil yanvar oyida Geyts Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik xususiy yer egasi sifatida tan olindi, u 1000 kvadrat kilometrdan ortiq yer maydoniga ega, shundan 979,3 kvadrat kilometr qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilning yozida sayyoradagi eng boy odam, Amazon asoschisi Jeff Bezos rafiqasi Makkenzi Skott bilan ajrashgan edi. Ajrashish jarayonida Bezos sobiq xotiniga o‘z kompaniyasining 4 foiz aksiyalarini bergan, o‘shanda ular 38,3 milliard dollarga baholangan.
Izoh (0)