Microsoft korporatsiyasi asoschisi, amerikalik tadbirkor Bill Geyts rafiqasi Melinda bilan ajrashayotganini e’lon qildi. Bu haqda u Twitter’da yozgan.

Foto: AP Photo

“Uzoq mulohazalar va munosabatlarimiz ustida ko‘p ishlangandan so‘ng, biz nikohimizni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildik”, — dedi 65 yoshli saxovatpesha tadbirkor.

Geytsning ta’kidlashicha, 27 yillik turmushi davomida u Melinda bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazgan va birgalikda butun dunyodagi insonlar salomatligi uchun xizmat qiladigan fond tashkil qilgan.

“Biz hali ham ushbu missiyaga bo‘lgan ishonchimiz bilan o‘rtoqlashamiz va fonddagi hamkorligimizni davom ettiramiz, ammo endi hayotimizning keyingi bosqichida er-xotin sifatida birgalikda rivojlanishimizga ko‘zimiz yetmaydi”, — deya ta’kidladi tadbirkor.

Microsoft asoschisi barchadan o‘zining va rafiqasining shaxsiy hayotini hurmat qilishni hamda yangi maqomga yaxshiroq moslashish uchun yolg‘iz qolishga imkon berishni so‘radi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Geytsning boyligi 124 milliard dollarni tashkil etadi, u dunyodagi to‘rtinchi, AQShdagi uchinchi eng boy odam hisoblanadi. Ajrashish haqidagi xabarida milliarder rafiqasi bilan mol-mulkni taqsimlash haqida gapirmagan.

Bill Geyts rafiqasi bilan 1987-yilda Microsoft’ning matbuot brifingi chog‘ida tanishgan. O‘sha paytda Melinda French kompaniyada bir necha yildan buyon savdo menejeri bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

1994-yilda turmush qurgan juftlikning uch nafar farzandi bor — qizlari Jennifer va Fibi hamda ​​o‘g‘li Rori.

2000-yilda er-xotin AQShdagi eng yirik xususiy fond — Bill & Melinda Gates fondiga asos solgan va shu vaqtdan beri fond 53 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan. Fondning asosiy maqsadlari sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, qashshoqlikka qarshi kurash, axborot texnologiyalari va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Bill va Melinda Gates’dan tashqari fondga vasiylik qiluvchi yana bir kishi amerikalik investor Uorren Baffetdir.

Geyts Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dunyodagi eng yirik homiylaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, ularning fondi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan ham shug‘ullanadi. 2021-yil yanvar oyida Geyts Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik xususiy yer egasi sifatida tan olindi, u 1000 kv. kilometrdan ortiq yer maydoniga ega, shundan 979,3 kvadrat kilometr qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun 2019-yilning yozida sayyoradagi eng boy odam, Amazon asoschisi Jeff Bezos rafiqasi Makkenzi Skott bilan ajrashgan edi. Ajrashish jarayonida Bezos sobiq xotiniga o‘z kompaniyasining 4 foiz aksiyalarini bergan, o‘shanda ular 38,3 milliard dollarga baholangan.