O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida (O‘FA) 14-may, juma kuni navbatdan tashqari majlis o‘tkazildi.
Unda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, ijroqo‘m a’zolari, klublar rahbarlari va bosh murabbiylari ishtirok etgan.
“Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Shuningdek, terma jamoalarning o‘yinlar oldidan tayyorgarlik rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston mezbonlik qiladigan OFK tasnifidagi yirik musobaqalarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish masalasi ilgari surildi. Terma jamoalar uchun zamonaviy infratuzilma qurilishi jarayoni bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Abdusalom Abdumavlonovich barcha klublar rahbarlari va bosh murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda O‘FA rahbariyati tomonidan har bir jamoada mavjud muammolar tinglandi. Ularni moddiy va tashkiliy masalalarda qo‘llab-quvvatlash mavzusi ko‘tarildi.
Shuningdek, so‘nggi paytlarda chempionatlarda ko‘p uchrayotgan tartibsizliklar tanqid qilindi. Murabbiylar kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga aralashmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi.
Klublar vakillari tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarda O‘FA mas’ullariga topshiriqlar berildi. Murabbiylar malakasini oshirish, klubda rahbar va murabbiy vakolatlarini tartibga keltirish, yosh futbolchilar yetishtirishga yana-da jiddiy e’tibor qaratish, saviyasiz legionerlar muammosini bartaraf etish, VAR tizimini takomillashtirish hamda stadionlarning yoritish uskunalarini jahon standartlariga moslash kabi masalalarda vazifalar belgilandi”, — deyiladi O‘FA bayonotida.
Avvalroq “Nasaf” klubi hakamlarni o‘z tomoniga moddiy manfaatdorlik evaziga og‘dirishga uringani uchun 50 million so‘m jarimaga tortilgandi.
“Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvidan keyin Namangandagi “Markaziy” stadioni va uning atrofida yuzaga kelgan tartibsizliklar sabab “Navbahor” ikkita uy o‘yinini tomoshabinlarsiz o‘tkazishi belgilangandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)