“Barselona” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Janubiy Amerika futbolchilari uchun 50 ming dona koronavirusga qarshi vaksina sotib olish jarayonida qatnashdi.
The Guardian nashrining xabar qilishicha, Messi Argentina chempionatidan tortib, Janubiy Amerika futbol musobaqalarida qatnashadigan barcha futbolchilar Amerika Kubogi musobaqasiga qadar koronavirusga qarshi emlanishini istamoqda.
Messi Sinovac vaksinasini ishlab chiqarayotgan Xitoy kompaniyasiga o‘z imzosi tushirilgan uchta futbol ekipirovkasini yuborgan va Urugvay prezidenti Luis Alberto Lakalye Pou boshchiligida amalga oshirilayotgan kelishuvni yuzaga chiqarishga yordam bergan. Kompaniya vakillari futbolchining shaxsan o‘zidan qabul qilib olingan sovg‘adan mamnun ekanini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga futbolchilar uchun buncha miqdordagi vaksinaning olinishi Urugvayda norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan. Hozirda mamlakatda koronavirus bilan kasallanish dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib turibdi.
Avvalroq UEFA Yevro—2020 musobaqasining barcha ishtirokchilarini vaksinatsiyadan o‘tkazish haqida reja qilayotgani xabar qilingandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)