Ijtimoiy tarmoqlarda “Beruniy” metro bekatida ikki poyezd to‘qnashgani aytilgan video tarqaldi. Voqea yuzasidan Toshkent metropoliteni rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, 7-aprel kuni soat 8:40 da, texnik sabablarga ko‘ra “G‘ofur G‘ulom” bekatida yo‘lovchilar poyezddan tushirilib, zaxiraga kelgan navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgan. Yo‘lovchilar tushirilgan poyezd boshqa poyezd yordamida shatakka olib “Beruniy” bekatiga olib kelingan. Ushbu vaqtda holat yo‘lovchi tomonidan videoga olingan.
Kompaniya tomonidan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligi eslatib o‘tilgan.
Bundan avval Toshkentda 8-aprel kuni Sergeli yerusti metrosida poyezd yarim yo‘lda to‘xtab qolib, yo‘lovchilar temiryo‘l bo‘ylab piyoda yurishga majbur bo‘lgani, “Toshkent metropoliteni” UK rahbariyati voqea joyida vaziyatning sabablarini aniqlayotgani haqida xabar berilgan edi. To‘xtab qolgan metro yo‘nalishi — Olmazor stansiyasidan Qipchoq stansiyasigacha bo‘lgan oraliqda vaqtinchalik avtobus yo‘nalishi harakati yo‘lga qo‘yilgan. “Toshkent metropoliteni” UK matbuot xizmati Sergeli yo‘nalishidagi poyezdlar harakati soat 16:45 da tiklanganini ma’lum qildi.
Izoh (0)