Yerning turli burchaklarida obyektivga muhrlangan suratlarni taqdim qilamiz.

Londondagi Bushi bog‘ida sayr qilib yurgan Misr g‘ozlari.

Foto: Getty Images

Italiyaning L’Akuila shahrida yuz bergan zilzilaning 12 yilligi munosabati bilan tabiiy ofat qurbonlari xotirlandi. Hodisa oqibatida 300 ga yaqin odam vafot etgan.

Foto: Getty Images

Ochlik e’lon qilgan Aleksey Navalniyning shaxsiy shifokori Anastasiya Vasilyeva muxolifatchi jazoni o‘tayotgan umumiy rejimdagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida hibsga olindi.

Foto: “TASS”

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi parlamenti rahbari Pak Byon Sok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi va o‘zaro muzokaralar o‘tkazdi. Pak Byon Sok Shavkat Mirziyoyevga Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Delegatsiya a’zolari Seulning Koreya yarim orolidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi harakatlari qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga samimiy tashakkur izhor etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nepalda odamlar tomonidan hujumga uchragani aytilganidan so‘ng Bardiya milliy bog‘idan Markaziy hayvonot bog‘iga olib kelingan yo‘lbars qafasda yotibdi.

Foto: Reuters

O‘zbekistonning eng balandda joylashgan meteostansiyasi — Oygaingda yashovchi Safar ismli bolakay. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Oygaing meteostansiyasida Safardan tashqari yana 4 nafar meteorolog yashaydi. Meteostansiyaga iyundan noyabr oyigacha “UAZ” avtomobillarida borish mumkin, boshqa oylarda kuchli qor tufayli avtomobillar Oygainggacha yetib borolmaydi.

Kadr: YouTube / Nikita Makarenko

G‘azo sektorida koronavirusdan vafot etgan falastinlik dafn etilmoqda.

Foto: Reuters

Sankt-Peterburgdagi turar joy binosida aks etgan Rossiya bayrog‘i.

Foto: Reuters

“Daryo” internet-nashrida 70 yoshida maktabda jismoniy tarbiyadan dars berayotgan ayol haqidagi materialdan so‘ng Yakkasaroydagi 89-maktab o‘qituvchisi Nurxon Mo‘minova “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Maqola muallifi Xonzodabegim A’zamova esa Xalq ta’limi vazirligi tomonidan noutbuk bilan taqdirlandi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Italiya politsiyasi uch kunlik karantin vaqtida vertolyotdan Livorno shahrini patrullamoqda.

Foto: EPA

Bugaku va Samuray jang san’atlari bo‘yicha o‘qituvchi Koshiro Minamoto Tokiodagi onlayn dars paytida jang san’atlarini amalda namoyish etmoqda.

Foto: Reuters

Ommaviy axborot vositalari vakillari Tayvanning Xualyan uyezdi shimolida relsdan chiqib ketib, halokatga uchragan poyezdning tunneldan chiqarib olingan shikastlangan vagonini suratga olmoqda. Poyezdda 500 ga yaqin odam bo‘lgan, ulardan 200 dan ortig‘i jarohat olib, 50 nafari vafot etgan.

Foto: Reuters

Davlat to‘ntarishiga qarshi namoyishchilar Myanmaning Yangon shahrida Xitoy bayrog‘ini yoqib yubordi. Bunga sabab hozirda hukumatni egallab olgan harbiylar Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ta’kidlanishicha, davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari vaqtida 600 ga yaqin odam o‘ldirilgan. Ularning 40 dan ortig‘i bolalar hisoblanadi.

Foto: Reuters

Angliyaning Vindzor shahrida Legoland tematik parki pandemiya sababli tanaffusdan so‘ng 12-aprel kuni ochiladi. Hozirda park ochilishiga tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

Foto: “TASS”

Chilida mavsumiy grippga qarshi emlash kampaniyasi doirasida vaksina olgan ayol.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniyaning Sihem shaharchasi qirg‘og‘idagi dengiz mayog‘i devorlariga urilayotgan ulkan to‘lqinlar.

Foto: PA

Yuziga niqob taqqan tibbiyot xodimi Hindistonning Nyu-Dehli shahrida yashovchi kishidan COVID-19 tahlili uchun namuna olmoqda. Nyu-Dehlida koronavirus bilan kasallanish darajasining o‘sishiga qarshi kurashish uchun tungi komendantlik soati joriy qilindi. U har kuni soat 22:00 dan 05:00 gacha amal qiladi. Bu vaqt oralig‘ida restoranlar va barlar ishlamaydi, to‘ylar va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilmaydi.

Foto: Reuters

Kaliforniya shtati Karlsbad shahrining Ranunculus flowers bog‘i mehmonlar uchun qayta ochildi. Bog‘ga kiruvchilar soni koronavirus pandemiyasi sabab cheklangan. Ayiqtovonlar (Ranunculus) — ayiqtovondoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik (ba’zi turlari bir yillik) o‘simliklar turkumi. Yer yuzida 600 ga yaqin turi, shu jumladan, O‘rta Osiyoda 65 turi bor.

Foto: Reuters

Budapesht shahridan o‘tgan Dunay daryosidagi Margaret orolchasida koronavirus qurbonlarini xotirlash uchun qo‘yilgan toshlar yonida yotgan gul. Vengriyada shu vaqtgacha 651 743 nafar odamda koronavirus aniqlangan. Ularning 22 098 nafari vafot etgan.

Foto: Reuters

Xitoydagi Lanchjou Danhiya hududidagi Kamalak tog‘lari tez orada sayyohlar uchun ochiladi. Taxminan 540 million yil oldin bu hudud okeanning bir qismi bo‘lgan. Tektonik plitalarning to‘qnashuvi tufayli yer siljib, tog‘lar hosil bo‘lgan va dengiz sathidan ko‘tarilgan. Turli davrlarda loy va toshlarda har xil miqdordagi temir tuzlari bo‘lgan turli cho‘kindi jinslar hosil bo‘lgan. Shuning uchun tog‘ qatlamlari turli xil ranglarga ega.

Foto: Shutterstock

Bangladeshda koronavirus sababli 5-aprel kuni e’lon qilingan umummilliy karantin tufayli mamlakat janubiy mintaqasidagi eng gavjum bo‘lgan Barisal markaziy bekatida turgan avtobuslar.

Foto: Shutterstock

Toshkent shahridagi “Innoprom” sanoat ko‘rgazmasida Rossiyaning Aurus premium avtomobilining sedani namoyish etildi. Aurus avtomobillari davlat rahbarlarini olib yurishga mo‘ljallangan. Ushbu markaning limuzinidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin foydalanadi.

Foto: “Podrobno.uz”

Moskvadagi Vnukovo aeroportida Betxoven tavalludining 250 yilligiga bag‘ishlangan haykallar ko‘rgazmasi ochildi. Lyudvig van Betxoven buyuk olmon bastakori, dirijyor va pianinochi, Vena klassik maktabining vakili bo‘lgan.

Foto: “TASS”

Madriddagi Qirolicha Sofiya muzeyida tashkil qilingan “Meni boshqa dunyoga olib ket” nomli ko‘rgazmaning bir qismi sifatida Sharlotta Yoxannesson tomonidan o‘rnatilgan installyatsiya.

Foto: EPA

Quddusda Xolokost qurbonlarini xotirlash kuni marosimlari oldidan Yad Vashemdagi Ismlar zalida yurgan yahudiylar. Ikkinchi jahon urushida 6 million Yevropa yahudiylari natsistlar tomonidan o‘ldirilgan.

Foto: Getty Images

Vashingtondagi Oq uyda Pasxa bayrami nishonlandi. Unda katta niqob taqqan Pasxa quyoni ishtirok etdi.

Foto: “TASS”

Chexiya poytaxti Praga 6-aprel kuni qalin qor bilan qoplandi. Shahar ko‘chalarida tirbandliklar yuzaga keldi. Ko‘chalarni qordan tozalash uchun mavjud bo‘lgan barcha texnika ishga solingan.

Foto: “TASS”

Yaponiyaning Xanda shahrida Olimpiya mash’alasi estafetasi davom etmoqda. Ushbu estafeta 25-mart kuni Fukusimada boshlangan. Tokio Olimpiadasi 2020-yilning 24-iyulidan 9-avgustigacha o‘tkazilishi kerak edi, lekin koronavirus pandemiyasi sababli o‘yinlar bir yilga kechiktirildi. Musobaqa tashkilotchilari Olimpiya o‘yinlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qildi.

Foto: Getty Images