Toshkent metropoliteni va “VEB.RF” korporatsiyasi Rossiyaning “Transmashholding” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 10 ta metro poyezdini yetkazib berish bo‘yicha kredit shartnomasini imzoladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo”

Kredit hajmi 12 yil muddatga 30,4 million yevroni tashkil etadi. Shartnomani imzolash Toshkent shahrida 5—7-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining biznes dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Dastlabki beshta poyezdni yozda yetkazib berish rejalashtirilgan. Tarkib Moskva yaqinidagi “Metrovagonmash” zavodida ishlab chiqarilgan. Yangi metro poyezdlari to‘rtta vagondan iborat.

Keltiriladigan poyezdda vagonlar orqali erkin harakatlanish mumkin. Bosh vagonlarda nogironlar aravachasi uchun joylar mavjud. Har bir yo‘lovchilar bo‘linmasi bekatni qidirish, yo‘nalishni rejalashtirish va yo‘l vaqtini hisoblash uchun interaktiv qidirish qobiliyatiga ega sensor ekranli axborot monitorlari bilan jihozlangan.

Yo‘lovchi salonlari va haydovchi kabinalari videokuzatuv, konditsioner va havoni zararsizlantirish tizimlari bilan jihozlangan. Metro vagonlari va romlarining ishlash muddati 30 yil. Haydovchilar kabinasining old oynasi, bir qismi yer yuzida harakatlanadigan Toshkent metrosining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, qo‘lda sozlanishi mumkin bo‘lgan quyosh nurlaridan himoya qiluvchi tizim bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning noyabr oyida Toshkent metrosi uchun olib kelingan Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi poyezdlar ishga tushirilgan edi.