Dunyoning turli burchaklarida olingan suratlarni namoyish qilamiz.
Moskvadagi Kreml saroyida Ryurikovichlar sulolasining tanazzuliga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochilmoqda. Eksponatlar orasida podshoh hokimiyatining ramzlari, monarxlar xazinasidagi buyumlar, podshoh oilasi vakillarining shaxsiy buyumlari va muhim hujjatlar mavjud.
Foto: “TASS”
Milliy-tarixiy kiyimdagi indoneziyalik koronavirusga qarshi o‘z mashinasida emlanmoqda. Mamlakat aholisi xitoy vaksinasi bilan koronavirusga qarshi ommaviy emlanmoqda. Xitoyning COVID-19’ga qarshi Sinovac vaksinasi Indoneziyada 97 foiz samaradorlik ko‘rsatgan.
Foto: Getty Images
Avstraliyaning Kvinslend shtatining janubi-sharqida kuchli shamol to‘lqinlarni vujudga keltirmoqda. Bundan mahalliy aholi syorfing uchish uchun foydalanib qolyapti.
Foto: EPA
Myanmada hokimiyatning harbiylar tomonidan egallab olinishiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Harbiylar to‘xtovsiz ravishda namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llamoqda. Mahalliy OAV va nodavlat tashkilotlar hisob-kitobiga ko‘ra, to‘ntarish boshlangandan buyon 400 dan ortiq odam o‘ldirilgan, jumladan, 40 dan ortiq bola ham.
Foto: Getty Images
Moskva viloyatidagi Alabino poligonida 9-may kuni bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etish uchun piyoda askarlar va mexanizatsiyalashgan kolonnaning qo‘shma mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Foto: “TASS”
Vengriyada bolalar Pasxa bayrami elementi hisoblangan rangli tuxum shaklidagi sharlarni daraxtga bog‘lab chiqmoqda. Pasxa — yahudiy va xristianlarning bahor bayrami. Qadimda ko‘chmanchi semit qabilalari Pasxani chorva mollarining bahorgi bolalash vaqtida bayram qilgan. Bu qabilalarning o‘troqlashishi va dehqonchilik bilan shug‘ullanishi natijasida Pasxa yig‘im-terim bayramiga aylangan.
Foto: EPA
Ugandaning janubi-g‘arbiy qismidagi Bvindi milliy bog‘idagi tog‘ gorillasining bolasi. Tog‘ gorillasi qizil kitobga kiritilgan. Bu turdagi primatlar dunyo bo‘yicha jami mingtacha qolgan.
Foto: “TASS”
Aholisi atigi 57 kishidan iborat bo‘lgan Bolgariyaning Chemish qishlog‘i yaqinida suruvni boshqarayotgan cho‘pon. Ushbu qishloqda qo‘ylarning soni aholi sonidan bir necha barobar ko‘p.
Foto: Getty Images
Quddus shahrida korrupsiya ishi bo‘yicha sud bo‘layotgan bino yaqinida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi norozilik aksiyasini o‘tkazayotgan namoyishchilar.
Foto: Getty Images
Vengriya an’anaviy Pasxa bayrami doirasida ayolga suv sepayotgan “Markal” raqs ansamblining a’zolari.
Foto: Reuters
Sidney opera teatrida “Nyu-York lahjalari: suv shakli” nomli chiqishni mashq qilayotgan avstraliyalik balet raqqoslari.
Foto: AP Photo
Belgiyalik Natali Lebbe 59 kilogramm vazn toifasida og‘ir atletika bo‘yicha Moskvada o‘tkazilayotgan 2021-yilgi Yevropa chempionatidagi chiqishi vaqtida.
Foto: EPA
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va Uels grafi shahzoda Charlz Britaniyaning Vindzor shahridagi Frogmore House bog‘ida suratga tushdi.
Foto: Reuters
Mavzuga doir: Rim papasi tarixda birinchi marta Iroqqa kelib, oyatulloh Ali as-Sistaniydan mahalliy nasroniylarni himoya qilishni so‘radi
Xitoyning shimolidagi Xebey provinsiyasida joylashgan begoniya bog‘iga tashrif buyurgan sayyohlar.
Foto: Getty Images
Mavzuga doir: Xitoyda sakura daraxtlari gulladi
Portugaliyaning Para shtatidagi kasalxonada tibbiyot xodimi koronavirusga chalingan bemorga qo‘shiq aytib bermoqda.
Foto: Getty Images
Toshkentdagi “Aviasozlar” dehqon bozorida o‘simlik yog‘iga yuzaga kelgan uzun navbat. Qayd etilishicha, arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Sababi u yerda kungaboqar yog‘ining litri 14 500 so‘mdan sotilmoqda. Boshqa joylarda esa bunday yog‘ning o‘rtacha bahosi 20 000 so‘m atrofida.
Foto: Telegram
AQShning Orinj okrugida yuz bergan otishmada halok bo‘lgan to‘qqiz yoshli Mettyuning otasi Rafayel Farias (chapda) Rozi Farias (markazda) va Meri Alkaraz (o‘ngda) bilan otishma qurbonlari uchun motam tutmoqda.
Foto: AP Photo
Anqara yaqinidagi Mogan ko‘li ustidan uchib ketayotgan yorqin rangli flamingolar. Flamingo so‘zi ispan va lotincha “flamenko” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u olov ma’nosini anglatadi va qushlarning patlari rangini bildiradi. Biroq barcha flamingolar ham rangli bo‘lmaydi. Ularning ranglanishi qushlarning ratsioniga bog‘liq.
Foto: Shutterstock
Gonkongda Keyp Kollinson qabristoniga vafot etgan yaqinlariga ehtirom ko‘rsatish va qabrlarni supurish hamda Jing Ming festivalini nishonlash uchun tashrif buyurgan odamlar.
Foto: Getty Images
42 yoshli Norsuluv Soyipova Samarqand viloyatining Nurobod tumani prokurori etib tayinlandi. U respublikada tuman prokurori sifatida ishlayotgan ikkinchi ayolga aylandi. Toshkent shahrining Yakkasaroy tumaniga esa Nilufar Allabergenova prokurorlik qilib kelmoqda.
Foto: “Xalq so‘zi online”
Germaniyaning Shtutgart shahrida hukumat tomonidan o‘rnatilgan koronavirus cheklovlariga qarshi namoyish ishtirokchisi kansler Angela Merkelning niqobini taqib olgan.
Foto: Reuters
Mavzuga doir: Germaniya prezidenti aholini koronavirusga qarshi qat’iy choralarga tayyor turishga chaqirdi
AQSh prezidenti Jo Bayden, birinchi xonim Jill Bayden va Pasxa quyoni kostyumini kiyib olgan odam Oq uyning Moviy xonasi balkonida turibdi.
Foto: Reuters
Sharqiy Timor poytaxti Dilida suv toshqinlari zarar yetkazgan yo‘l bo‘yida turgan odamlar.
Foto: Reuters
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi Yangibozorga ketish yo‘lidagi Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari xotirasiga bag‘ishlangan G‘alaba haykali atrofida yurgan qo‘y-qo‘zilar.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Mavzuga doir: Parkent tumani qirlaridagi varrakbozlik (foto)
Braziliyaning San-Paulu shahrida COVID-19 cheklovlari talablarini buzayotganlarga qarshi politsiyaning tungi klubdagi reydi vaqtida yuzini yashirayotgan ayollar. Braziliyada ham “25-soat” ko‘rsatuvi bo‘lganda u “25 horas” deb nomlangan bo‘lardi :).
Foto: Reuters
Avvalgi kunlarning fotogalereyalari:
- Juma namozidan so‘ng namoyishga chiqqan musulmonlar, karkidon shoxida uxlayotgan chug‘urchuq, halokatga uchragan poyezd. 2-aprel suratlari
- O‘zbekistonda boshlangan vaksinatsiya, maoshidan norozi shifokorlar, Birinchi raqamli bortdagi prezident. 1-aprel suratlari
- Noroziliklarga sabab bo‘lgan haykal, qirollik unvoni uchun kurashayotgan echkilar, budda holatidagi Tramp. 31-mart suratlari
- Shavkat Mirziyoyevdan sovg‘a olgan Vengriya bosh vaziri, dars o‘tayotgan Kapitan Amerika, yog‘ochdan yasalgan fillar to‘dasi. 30-mart suratlari
- Sellar ichidagi O‘zbekiston, Sara Obamaning vafoti, dunyodagi eng katta qabriston. 29-mart suratlari
- Koronavirusni yenggan 99 yoshli onaxon, onlayn ta’limga qarshi bolalar, avtobusdagi Kim Chen In. 26-mart suratlari
- Varrak uchirayotgan o‘zbek ayollari, katta qurilish boshlagan Kim Chen In, 50 yoshli maktab o‘quvchisi. Hafta suratlari