“Chelsi” himoyachisi Antonio Ryudiger londonliklarning yakshanba kungi mashg‘ulotlari vaqtida darvozabon Kepa Arrisabalaga bilan tortishib qoldi.
Sky Sports nashrining xabar qilishicha, germaniyalik futbolchi mashg‘ulotdagi o‘yin vaqtida Kepaga nisbatan keskin tashlangan. Natijada ikki futbolchi o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan va ular bir-birini turtishgacha borgan. Natijada Ryudiger jamoa mashg‘ulotlaridan chetlatilgan. Xabar berilishicha, Antonio “Chelsi” darvozabonidan uzr so‘rashga ulgurgan.
Ta’kidlanishicha, APL 30-turi doirasida “Vest Bromvich”ga qarshi o‘yindagi yirik mag‘lubiyatdan (2:5) keyin “Chelsi” mashg‘uloti keskin atmosferada o‘tgan.
“Ko‘klar” Chempionlar Ligasi chorak finali doirasida “Portu”ga qarshi o‘tadigan 7-aprel kungi o‘yinda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mazkur bahs neytral maydon, Sevilyadagi “Ramon Sanches Pisxuan”da bo‘lib o‘tadi. 13-aprel kungi javob bahsi ham aynan shu o‘yingohda o‘tishi rejalashtirilgan.
Londonliklar klubi Premyer Liga 30-turidan keyin 51 ochko to‘plab 4-o‘rinda bormoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)