“Real” hujumchisi Karim Benzema La Liga doirasida 3-aprel kuni “Eybar”ga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fransiyalik futbolchi “Real” safida Ispaniya chempionatidagi gollari sonini 187 taga yetkazib oldi va bu borada Santilyaning natijasini yangiladi.
Benzema “Real”ning La Ligadagi to‘purarlari umumiy ro‘yxatida 4-o‘ringa ko‘tarildi. Faqat Alfredo di Stefano (216), Raul (228) va Krishtianu Ronaldu (311) undan ko‘proq gol urgan.
Shuningdek, Karim barcha musobaqalar doirasida ketma-ket 7-o‘yinda gol urdi. Avvalroq futbolchi “Xetafe”, “Valensiya”, “Atletiko”, “Elche”, “Atalanta” va “Selta” darvozasini ishg‘ol qilgandi. Benzema “Real” safida ilk bor ketma-ket 7 ta o‘yinda gol urdi.
33 yoshli futbolchi Primera joriy mavsumida 25 o‘yin o‘tkazib, 18 gol va oltita golli uzatma muallifiga aylandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!