Toshkentdagi Humo Arena’da bo‘lib o‘tadigan 3-aprel kungi professional boks kechasida bir qator o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tariladi.
Prof boksda debyutini o‘tkazadigan Mirazizbek Mirzaxalilovga Tanzaniya vakili Tasha Mjuaji (17-7-2, 5 KO) raqib bo‘ladi. Sanjar Tursunov (2-0, 1 KO) esa ukrainalik Ivan Yuxta (3-1-1, 2 KO) bilan to‘qnash keladi.
Shuningdek, mazkur boks oqshomida debyutini o‘tkazadigan Iqboljon Xoldorovning raqibi o‘zgargan. O‘zbekistonlik bokschiga tanzaniyalik Kulva Bushiri (13-5-1, 4 KO) raqiblik qiladi.
Avvalroq Xoldorovga 3-aprel kungi jangda ukrainalik Volodimir Gordiyenko (8-3, 3 KO) raqib bo‘lishi aytilgandi.
Toshkentdagi boks oqshomida Shahram G‘iyosov Patrisio Lopes Morenoga, Hasanboy Do‘stmatov Muhsin Kizotaga, Bahodir Jalolov Kristaps Zutisga, Isroil Madrimov esa Emmani Kalomboga qarshi jang qilishi xabar qilingandi.
Shuningdek, mazkur boks kechasining asosiy jangida Murodjon Ahmadaliyev (8-0, 6 KO) Ryosuke Ivasaga (27-3, 17 KO) qarshi bellashuvda WBA va IBF kamarlarini himoya qiladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)