Ayni vaqtda qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan rossiyalik siyosatchi, muxolifat vakili Aleksey Navalniy ochlik e’lon qildi. Bu haqda siyosatchining Instagram’dagi sahifasida xabar berilgan.

Foto: AP Photo

“Men shifokor chaqirish va dori-darmonlar olish huquqiga egaman. Ammo shifokor ham, dorilar ham olib kelinmayapti. Belimdagi og‘riq oyog‘imga o‘tdi. Dastlab o‘ng, keyinchalik chap oyog‘imning sezish qobiliyatlari yo‘qoldi. Hazil hazil bilan, biroq vaziyat keskinlashib bormoqda. Qonun ijrosi ta’minlanmagani va huzurimga shifokor olib kelinmagani sababli ochlik e’lon qildim”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 17-fevralda Yevropa Inson huquqlari bo‘yicha ittifoqi sud reglamentining 39-qoidasiga ko‘ra, Navalniyni zudlik bilan tergov izolyatoridan chiqarishni talab qilgan. Navalniyning advokati Olga Mixaylova ittifoqning ilk bor bunday talab bilan chiqqani va Rossiya hukumati buni e’tiborsiz qoldirmasligi kerakligini aytgan.

Kreml Yevropa Inson huquqlari bo‘yicha ittifoqining talabini huquqiy asosga ega emas deb topgan va uni bajarishdan bosh tortgan.

Navalniy Rossiyaning Vladimir viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tamoqda. Avval Navalniyning advokatlari koloniyada siyosatchining sog‘lig‘i yomonlashib, yelkasi, so‘ng oyog‘i og‘rib qolgani, ammo unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqida xabar bergan. Federal jazoni ijro etish xizmati, o‘z navbatida, Navalniyning ahvolini “barqaror va qoniqarli deb baholaganini” ma’lum qilgandi.

Keyinchalik Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazgani, Germaniya va Fransiya rahbarlari Putinning e’tiborini Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniyning huquqlarini hurmat qilish va “sog‘lig‘ini asrash” zarurligiga qaratgani haqida xabar qilingan.

Aleksey Navalniy “Novichok”dan zaharlanganidan keyin Germaniyada davolanib qaytgach, 2021-yil 17-yanvarda Jazoni ijro etish federal xizmati talabiga ko‘ra Sheremetyevo aeroportida hibsga olingan. 2-fevralda Moskvadagi Simonov sudi Navalniyaga nisbatan “Iv Roshe” ishi bo‘yicha shartli muddatni qamoq jazosiga almashtirgan. Navalniy ma’lum muddat tergov izolyatorida bo‘lgani va uy qamog‘ida ham saqlangani inobatga olingan holda unga ikki yarim yildan ko‘proq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U Vladimir viloyatidagi IK-2 qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda.

23-yanvarda Rossiyaning 100 dan ortiq shaharlarida Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Keyinchalik 31-yanvar, 2 va 14-fevralda ham namoyishlar bo‘lib o‘tgan. “OVD-Info” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar tufayli 11 mingga yaqin odam hibsga olingan.