O‘zbekiston maktablarida 29-mart, dushanba kunidan 4-chorak boshlanadi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi.
Qayd etilishicha, hozirda vazirlikka fuqarolardan bahorgi ta’til uzaytirildimi, degan juda ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Mazkur savolga javoban Xalq ta’limi vazirligi bahorgi ta’til 28-martgacha davom etishi, 4-chorakning ilk kuni 29-mart ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda gibrid shakldagi ta’limga ruxsat etilganligi, qaysidir maktab yoki hududdagi epidemiologik vaziyatga qarab maktab karantinga yopiladigan bo‘lsa, ushbu maktab o‘quvchilari vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha ta’limni onlayn shaklda davom ettirishi mumkinligi eslatib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston maktablarida bahorgi ta’til 20-martdan boshlangandi.
Bundan avval Toshkentning Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanidagi barcha maktablar onlayn ta’limga o‘tgani, Samarqandda viloyatdagi eng katta yangi maktab ochilgani hamda Farg‘onada aholi va tadbirkorlar homiyligida qurilgan yangi maktab foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)