Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlari maktablarida 16-martdan boshlab o‘quv mashg‘ulotlari onlayn tarzda tashkil etiladi, deb xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ushbu tumanlar hududida faoliyat olib borayotgan nodavlat va xususiy ta’lim tashkilotlariga 16-martdan boshlab bir martalik karantin muddatiga (14 kun) o‘quvchilarni masofaviy shaklda o‘qitishga o‘tkazish tavsiya etilgan.

Toshkentdagi boshqa tumanlarda o‘qish bahorgi ta’tilga qadar karantin talablariga to‘liq rioya etilgan holda an’anaviy davom ettirilishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati koronavirus keng tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkentdagi ayrim maktablarda o‘qish bosqichma-bosqich masofaviy shaklga o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi.

“Hududlar rahbariyatining koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan choralarni joriy etish bo‘yicha vakolatini inobatga olib, koronavirusning keng tarqalishini oldini olish maqsadida Toshkent shahrining ayrim maktablarida o‘qish bosqichma-bosqich masofaviy shaklga o‘tkazilmoqda”, – deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, maktablarning onlayn ta’limga o‘tishi to‘g‘risida ma’lumot maktab ma’muriyati tomonidan taqdim etiladi.

“Masofaviy o‘qitishga o‘tgan maktab o‘quvchilari Onlayn maktab loyihasining televizion darslari orqali saboq olishlari mumkin. Ota-onalardan farzandlariga masofadan o‘qitishda yordam berishni iltimos qilamiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX) boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva tomonidan 13-mart kuni shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimovga chiqarilgan xatda ma’lum qilinishicha, Toshkentda yil boshidan beri yuzdan ortiq o‘quvchilarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. “Daryo”ning rasmiy doiralardagi manbasi xatning haqiqiy ekanini tasdiqladi.

Xatning bir qismida “joriy yilning o‘tgan davri mobaynida” Toshkent shahrida 181 nafar maktab o‘quvchisida koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida so‘z boradi. Xatning boshqa bir qismida esa “shahar bo‘yicha 77 ta umumta’lim maktablarining 150 nafar o‘quvchisida” kasallik qayd etilgani haqida so‘z boradi. Shuningdek, xatda bir qator maktablar kesimida kasallangan o‘quvchi va o‘qituvchilar soni ochiqlangan bo‘lib, unda jami 90 nafar o‘quvchining maktablari ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, Yunusobod tumanidagi

  • 86-maktabining 16 nafar o‘quvchisi va 6 nafar o‘qituvchisida,
  • 235-maktabning 14 nafar o‘quvchisi va 3 nafar o‘qituvchisida,
  • 220-maktabning 5 nafar o‘quvchisida,
  • 43-maktabning 4 nafar o‘quvchisida,
  • 302, 97, 51, 258-maktablarning 3 nafardan o‘quvchilarida;
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
  • 112-maktabning 6 nafar o‘quvchisida,
  • 222, 308-maktablarning 2 nafardan o‘quvchilarida;
Chilonzor tumanidagi
  • 103-maktabning 4 nafar o‘quvchisida,
  • 280, 114-maktablarning 2 nafardan o‘quvchilarida;
Sergeli tumanidagi
  • 300-maktabning 4 nafar o‘quvchisida,
  • 47, 268-maktablarning 2 nafardan o‘quvchilarida;
Yashnobod tumanidagi
  • 282-maktabning 4 nafar o‘quvchisida,
  • 307-maktabning 2 nafar o‘quvchisida;
Uchtepa tumanidagi
  • 296-maktabning 2 nafar o‘quvchisida,
  • 236, 44-maktablarning 3 nafardan o‘quvchilarida;
Shayxontohur tumanidagi
  • 316-maktabning 3 nafar o‘quvchisida;
Yakkasaroy tumanidagi
  • 144-maktabning 2 nafar o‘quvchisida,
Olmazor tumanidagi
  • 28-maktabining 2 nafar o‘quvchisida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
“Epidemiologik tekshiruvlarga ko‘ra, bolalar asosan koronavirusni oilaviy aloqalar orqali yuqtirishadi”, – deyiladi maktubda.

SEX ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan 1717 bemorning 222 nafari (13 foizi) 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 78 nafari (4,5 foizi) 15-19 yoshlilar, 210 nafari (12,2 foizi) 20-29 yoshlilar, 264 nafari (15,4 foizi) 30-39 yoshlilar, 234 nafari (13,5 foizi) 40-49 yoshlilar, 244 nafari (14,3 foizi) 50-59 yoshlilar, 465 nafari (27,1 foizi) 60 yosh va undan kattalardir.

“Ijtimoiy tarkibiga ko‘ra, 315 nafar (18,3 foiz) bemor korxona, tashkilot, muassasa xodimlari, 630 nafari (36,7 foizi) uy bekalari, 48 nafari (2,9 foizi) tibbiyot xodimlari, 57 nafari (3,3 foizi) oliygoh talabalari, 181 nafari (10,5 foizi) maktab o‘quvchilari, 76 nafari (4,4 foizi) uyushmagan bolalar, 14 nafari (0,8 foizi) uyushgan bolalar, 7 nafari (0,4 foizi) muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari, 2 nafari (0,1 foizi) chet el fuqarolari, 49 nafari (3,0 foizi) o‘qituvchilar va 338 nafari (20,0 foizi) boshqa guruhdagi aholidir”, — deyiladi SEX xatida.

Bundan tashqari, 15-mart kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 117-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu bolalar bog‘chasida 13-mart kuni ikkita o‘quvchi va ikkita tarbiyachida COVID-19 aniqlandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 2-dekabr kuni 156 kishida koronavirus aniqlandi
Mahalliy
Janubiy Koreya mamlakatda ishlash niyatidagi o‘zbekistonliklar uchun kvotalar sonini oshiradi
Dunyo
“Hind Chernobili” — Pxobaldagi texnogen halokat, Eron oliy rahbariga aylangan Homanaiy va Sovuq urushga yakun yasagan Yelsin—Bush. Kun xronologiyasida 3-dekabr