Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida kuchli shamol esib, shahar ko‘chalariga qum yog‘ildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 19-mart kuni Qashqadaryo viloyatida kuchli shamol esib, aksariyat joylarda quyun turgan.
“Shu darajada kuchli shamol esdiki, hatto Qarshi shahrida daraxt ham qulab tushdi. Yo‘lni to‘sib qo‘ygan daraxt sabab avtomobillar harakatida noqulaylik tug‘ildi. Ko‘zni ochib bo‘lmay qoldi, shahar ko‘chalari oppoq chang bo‘lib ketdi”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan yo‘lovchi.
“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, qum aralash shamol esishi viloyatning Dehqonobod, G‘uzor, Mirishkor va Muborak tumanlarida ham sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FVV O‘zbekistonning ayrim hududlarida 18—20-mart kunlari kuchli shamol bo‘lishidan ogohlantirgandi. Vazirlik matbuot xizmati shamol tezligi 17-22 metr/sekunddan 23-28 metr/sekundgacha kuchayishi kutilayotganini ma’lum qilib, fuqarolarga kuchli shamol vaqtida zaruratsiz tashqariga chiqmaslikni, avtomobil egalariga mashinalarini daraxtlardan uzoqroqqa qo‘yishni tavsiya etgandi.
Izoh (0)