11-mart kuni “Zakovat” teleo‘yinining Toshkent va Toshkent viloyati bosqichi chempionlari aniqlandi. Finalda Farrux Rafiqov jamoasi “Ksenofont shogirdlari” jamoasini mag‘lub etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘yin “Milliy” telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi.
O‘yin yakunida birinchi o‘rinni olgan jamoaga 100 million so‘m, ikkinchi o‘ringa — 20 million so‘m, uchinchi o‘ringa — 10 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, “Zakovat”ning navbatdagi bahslari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
“Ertaga, 12-martdan boshlab ‘Zakovat.tv’ saytimiz orqali Samarqandda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarimizga ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin! Tayyorgarlikni boshlang va albatta, bizni Samarqandda kuting! Biz Samarqandga ketyapmiz”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, yanvar o‘rtalarida “Milliy” telekanali “Zakovat” namoyishini to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi. Keyinroq Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva efirdan olingan “Zakovat” loyihasini o‘z otalig‘iga olgan. 28-fevral kuni Humo Arena muz saroyida “Zakovat” teleo‘yinining Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun intellektual kastingi o‘tkazildi. Tadbirda “Zakovat”da ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 7 mingga yaqin bilimdon qatnashgan.
Izoh (0)