Irlandiyada COVID-19 kasalligi sababli eng yuqori darajadagi cheklovlar aprel oyining oxirigacha davom etishi mumkin, deb xabar berdi mamlakat bosh vaziri Mikal Martinga asoslanib Irish Mirror.
“Biz qattiq cheklovlarni aprel oyi oxirigacha uzaytirish borasida o‘ylayapmiz”, — dedi Martin.Barlar, restoranlar va sartaroshxonalarning ochilishi uzoqroq vaqt talab qilishi mumkin. “O‘ylaymanki, biz bu haqdagi qarorni, agar undan avval bo‘lmasa, ikkinchi chorakning oxirida chiqaramiz”, — dedi bosh vazir va aniq sanani aytishdan bosh tortdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu lokdaun bir qator omillar, jumladan, virusning “o‘ta yuqumli va xavfli” varianti va emlash boshlanishi sababli avvalgilaridan farq qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi COVID-19’ning “britancha” shtammi Irlandiyada aniqlangan barcha holatlarning, taxminan, 90 foizida uchramoqda.
Vaksinatsiya masalasida rasmiylar irlandiyaliklarning ko‘pchiligini sentabrgacha, 70 yoshdan oshgan barcha aholini esa may oyiga qadar emlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri Irlandiyada 212 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, 4 mingdan ortig‘i vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Irlandiyada koronavirus pandemiyasi sabab e’lon qilingan lokdaun aprelgacha uzaytirilgandi.
Bundan avval Shvetsiyada koronavirus sabab joriy qilingan cheklovlar 7-martga qadar uzaytirilgani hamda Turkiya va Shveysariyada mart oyidan boshlab COVID-19 cheklovlari yumshatilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)