Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg Marsni zabt etish rejalarini tanqid qilgan satirik reklama roligini e’lon qildi, deb xabar beradi Daily Mail.
Tunberg boshchiligidagi The Fridays for Future (FFF) xalqaro iqlim kampaniyasi YouTube’ga Yerdagi stress va muammolardan uzoqlashib, yangi hayot boshlashni xohlovchi insonlarni hayratomuz landshaft hamda aqlbovar qilmas manzaralarga ega “beg‘ubor o‘lka” – Mars kutayotgani aks etgan satirik video joylashtirdi.
“Biz retro-futuristik va tashviqot janrida ta’sirli film yaratishni maqsad qildik”, – deydi videoni tayyorlashda yordam bergan “FRED & FARID” reklama agentligi.
Tunbergning so‘zlariga ko‘ra, Marsni zabt qilish to‘g‘risida gapirilayotganiga qaramay, bu variant juda oz sonli odamlarga tegishli bo‘ladi. Bundan tashqari, Yer yuzida shundoq ham “muammolar yetarli”.
Ekofaol kosmik tadqiqotlar uchun milliardlab dollar sarflaydigan hukumat va korporatsiyalarni birinchi navbatda iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanishga chaqirdi.
Rolik NASA o‘zining Perseverance marsoxodini Marsga qo‘ndirganidan so‘ng e’lon qilindi. Tashkilotning ta’kidlashicha, ushbu jarayon (marsoxodni sayyoraga qo‘ndirilishi) qizil sayyorani o‘rganishda burilish nuqtasi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Perseverance marsoxodi 19-fevral kuni Marsga muvaffaqiyatli qo‘ndi. AQSh prezidenti Jo Bayden NASA’ni Perseverance tadqiqot apparatining Marsga muvaffaqiyatli qo‘ngani bilan tabrikladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘nishdan keyin bir soat o‘tib, agentlik ma’muri vazifasini bajaruvchi Stiv Jurchikka qo‘ng‘iroq qilib, jamoani qutlagan va NASA bilan faxrlanishini aytgan.
Bundan avval Shvetsiyada ekofaol Greta Tunberg sharafiga pochta markasi chiqarilgani hamda u million yevrolik mukofotga loyiq ko‘rilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)