O‘zbekistonda 3 ta xususiy bandlik agentligining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021-yil 7-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan Kontinent himoya xususiy bandlik agentligi MChJ litsenziyasi, ushbu sudning 25-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan esa Xususiy bandlik agentligi manpower MChJ QK litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatildi.
Shuningdek, Andijon tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021-yil 29-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan Bek jobs xususiy bandlik agentligi MChJning litsenziyasi vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Qayd etilishicha, litsenziyalarning amal qilinishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi depozit hisob raqamida bazaviy hisoblash miqdori (9-fevral holatiga ko‘ra 245 ming so‘m)ning 8500 baravari (2 milliard 82 million 500 ming so‘m) miqdoridagi mablag‘larni zaxira qilingunga qadar to‘xtatilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 4 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.
2020-yilning noyabrida O‘zbekistondagi 3 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingan hamda 20 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilgandi.
Izoh (0)