Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari “Vatanparvar” tashkiloti bugun o‘zining vazifasini bajarmayotganini ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
“Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashadigan, ularga kasb-hunar o‘rgatadigan ‘Vatanparvar’ tashkiloti bugun o‘zining vazifasini bajarmayapti, desak ayni haqiqat bo‘ladi.
Shu sababli ikki hafta muddatda ‘Vatanparvar’ tashkilotini 210 ta hududiy tuzilmalari bilan birga Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilishi zarur”, – dedi Prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish davomida O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod bo‘lib, bu mamlakat aholisining qariyb 55 foizini tashkil etishini ma'lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda (bu umumiy ishsizlik darajasidan 1,5 baravarga ko‘p). Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da yuqori.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bosh vazir va administratsiya rahbaridan ruxsat so‘ramay majlis o‘tkazgan amaldor ishdan olinishini ta’kidlagani hamda 3 nafar yoshni ish bilan ta’minlashga va’da berib, uni bajarmagan Kogon shahar prokurorini ishdan olish bo‘yicha topshiriq bergani hamda tuman sektor rahbarlari haftaning ikki kunini faqat yoshlar muammolarini hal etishga ajratishini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)