London sudi WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni AQShga topshirishdan bosh tortdi, deya xabar qilmoqda Meduza.
Sudning ta’kidlashicha, AQShga ekstraditsiya qilish va keyinchalik bir kishilik kamerada saqlash klinik depressiya hamda o‘z joniga qasd qilish mumkinligi tashxisi qo‘yilgan Assanjning hayotiga xavf solishi mumkin.
Assanj hibsdaligida AQSh sud qaroriga qarshi appelyatsiya shikoyati kiritish niyatida ekanligini e’lon qilgan. Uni garov evaziga ozod qilish to‘g‘risida qaror esa apellyatsiya arizasi ko‘rib chiqilayotgan vaqtda – 6-yanvar kuni qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Assanj 2019-yil aprelidan beri Londonda hibsda saqlanmoqda. Bungacha Assanj unga siyosiy boshpana bergan Ekvador elchixonasida yetti yil yashadi. O‘sha paytda Britaniya sudi uni Shvetsiyaga ekstraditsiya qilish to‘g‘risida iltimosnomani ko‘rib chiqayotgan edi: u yerda Assanj bir ayolni zo‘rlashda ayblangan.
Ammo WikiLeaks asoschisi aslida Shvetsiya uni AQShga topshirmoqchi deb ishongan. Assanj elchixonada yashagan vaqtida Shvetsiyadagi ayblovlar yakunlangan.
Assanjni AQShga topshirish bo‘yicha tinglovlar 2020-yil fevral oyida boshlangan.
AQShda Assanj 175 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. U maxfiy ma’lumotlarni noqonuniy ravishda olishda (17 punkt bo‘yicha, har biri uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan), shuningdek, kompyuterga xakerlik hujumi (5 yilgacha qamoq jazosi) bo‘yicha ayblangan.
Izoh (0)