Reddit tarmog‘ining GreedyPaint ismli foydalanuvchisi noodatiy vazifani uddaladi — u butun boshli film hajmini siqib, disketaga (floppy-disk) yozishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu tashuvchining xotirasi 1,44 megabaytga teng bo‘lib, unga “Shrek” multfilmining 4,7 gigabayt keladigan DVD-versiyasi yozilgan, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
Buning uchun tarmoq foydalanuvchisi videoni 120x96 pikselga qadar siqa oladigan va chastotasini soniyasiga 24 tadan 4 taga kamaytirishga qodir x265 kodek modifikatsiyasini ishlab chiqqan — endilikda u to‘laqonli filmdan ko‘ra ko‘proq slayd-shouga o‘xshaydi. Ammo u o‘z maqsadiga erishgan — tayyor faylning hajmi 1,37 megabaytni tashkil etgan, disketada yana bo‘sh joy ham qolgan.
GreedyPaint disketaga yozish va uni o‘qish uchun eski televizorga ulangan Raspberry Pi bazasida mini-kompyuter yig‘gan. Nazariy jihatdan, bu orqali istalgan standart filmni 3 ming marotabaga siqib, disketaga yozish mumkin.
Avvalroq “Shrek” multfilmi Amerika filmlarining milliy reyestriga kiritilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)