Ijtimoiy tarmoqlarda AirPods Max’ning ambushyuralari orasiga suv kirib qolgani tasvirlangan suratlar tarqaldi. Unda bir-ikki tomchi emas, anchagina suv yig‘ilgan, deb yozadi Hi-Tech.Mail.ru.
Shu turdagi naushnikdan foydalangan Donald Filimon ismli Twitter foydalanuvchisining yozishicha, u gadjetdan odatdagi rejimda foydalangan, uyda musiqa tinglagan, keyin esa nosozliklar kuzatila boshlangan. Shunda u magnitlarga qotirilgan ambushyuralarni yechib ko‘rgan va ichida suv to‘planib qolganini payqagan.
Aftidan, qandaydir sabablarga ko‘ra naushniklar ichiga kondensat to‘planib qolmoqda. Filimon ulardan namlik yuqori bo‘lmagan uy sharoitida foydalangan.
Suv naushniklarning ishchanligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi noma’lum, chunki korpus namlikdan hech qanaqasiga himoyalangan emas. Shuningdek, muammo ko‘lami qanchalik ekanligi ham noma’lum.
Apple vaziyatga hech qanday munosabat bildirmagan. AirPods Max dekabr o‘rtalarida sotuvga chiqqan — bu Apple brendining ilk to‘liq o‘lchamli naushnigi hisoblanadi.
Avvalroq iPhone qurilmalari quvvati tez tugab qolayotgani, bunga iOS 14.2 operatsion tizimi aybdor ekanligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)