2021-yilda Toshkent metropolitenidagi poyezdlarning harakatlanishi orasidagi vaqt qisqartiriladi. Rossiyadan yana 10 ta zamonaviy poyezd tarkibini xarid qilish rejalashtirilgan. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” UK boshlig‘i Oybek Xudoyqulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xudoyqulovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt yerosti poyezdlarining o‘ziga xosligi shundaki, ular istalgan liniyada, jumladan, yaqinda foydalanishga topshirilgan Sergeli liniyasi va Toshkent yerusti halqa metro liniyasida hech qanday muammosiz harakatlana oladi.
“Rossiyadan sotib olgan yangi tarkiblarimiz Toshkent metropolitenining xususiyatlarini inobatga olgan holda bergan buyurtmamiz asosida tayyorlangan. Hozirda beshta vagon tarkibini olib keldik. 2021-yilda har biri to‘rtta vagondan iborat 10 ta tarkibni olib kelishni rejalashtirganmiz. Tarkiblar soni ko‘paysa, avtomatik ravishda ularning harakatlanish orasidagi vaqt kamayadi, bu esa yo‘lovchilarga qulaylik tug‘diradi”, — deydi Xudoyqulov.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning noyabr oyida Toshkent metrosi uchun olib kelingan Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi poyezdlar ishga tushirilgan edi. 2020-yilning martida esa Toshkent yerusti metrosi uchun yana 10 ta “Moskva” poyezdi sotib olinishi ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)