Igor Savitskiy nomidagi Nukus muzeyi direktori lavozimiga e’lon qilingan tanlovda g‘olib bo‘lgan Tigran Mkrtichev o‘z vazifasiga 2021-yil 2-yanvardan kirishadi. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga asoslanib O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, tanlov O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan. Uning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istondan 6 nafar nomzod o‘tdi. Ikkinchi yakuniy bosqichda nomzodlar o‘zlarining taqdimotlarini ekspertlar kengashiga taqdim etdi va Nukus shahridagi muzeyda suhbatdan o‘tdi. Tanlov yakunida Moskvadagi Rerixlar muzeyi (Sharq xalqlari davlat san’at muzeyining filiali) direktori Tigran Mkrtichev g‘olib deb topildi.
Savitskiy muzeyining yangi rahbari O‘zbekistonda ta’lim olgan — Toshkent davlat universiteti Markaziy Osiyo arxeologiyasi bo‘limi bitiruvchisi.
Tigran Mkrtichev 1994-yildan 2008-yilga qadar Buxoro, Samarqand, Termiz va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan bir qator arxeologik ekspeditsiyalarning rahbari bo‘lgan.
Tigran Mkrtichev direktorlik faoliyatini Igor Savitskiy muzeyi kolleksiyasini o‘rganish bo‘yicha Xalqaro kengashni tuzishdan, shuningdek, taniqli rassomlar, siyosatchilar va biznes vakillarini o‘z ichiga olgan xalqaro homiylik kengashini yaratishdan boshlaydi.
Izoh (0)