Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2020-yilning noyabr oyida Kadastr agentligining jami 346 nafar rahbari attestatsiyadan o‘tkazildi, deya xabar bermoqda agentlik axborot xizmati.
Natijalar tahlil qilinganda attestatsiyadan rahbarlarning 24 foizi o‘tgan, 15 foizi shartli o‘tgan. Qolgan 61 foiz rahbarlar attestatsiyadan o‘ta olmagan.
Ma’lum qilinishicha, 3-dekabrdan boshlab Kadastr agentligining tuman-shahar filiallari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish ishlari boshlandi. Har bir viloyat kesimida natijalar e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, kadastr tizimidagi tozalash ishlari natijalariga ko‘ra 2020-yilning 1-iyunidan 1-dekabriga qadar agentlik tizimida faoliyat yuritishi davomida o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan, lavozimini suiiste’mol qilgan hamda aholiga xizmat ko‘rsatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 850 dan ortiq xodimning mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Avvalroq Navoiyda ta’lim sifati past bo‘lgan 26 ta maktab direktorlari, tadbirkorlarning muammolarini hal qilmagani sababli Buxoro, Jondor va Sirdaryo tumanlari hokimlari hamda Sherzod Shermatov boshchiligidagi yig‘ilishda birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan Qashqadaryodagi 20 ta maktab direktori ishdan olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)