O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish, insonparvarlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlilikni qo‘llab-quvvatlash, volontyorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 80 dan ortiq mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Ko‘ngillilar sektori jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagini tashkil etadi.
Mamlakatda ham volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Unga ko‘ra, volontyorlik orqali kam ta’minlanganlarga, ko‘p bolali oilalarga, boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish, bemorlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, qariyalarni parvarishlash, sport, madaniy va boshqa tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish hamda boshqa usullarda xayriya ishlarini amalga oshirish mumkin.
Qonun davlat organlariga volontyorlar (volontyor guruhlar, volontyor tashkilotlar) bilan ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida shartnomalar tuzish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr o‘rtalarida Toshkent shahri hokimining yoshlar bilan uchrashuvda volontyorlar haqida gapirgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgandi. Xususan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z sahifasida shahar hokimining fikrlariga e’tiroz bildirib, “Toshkent shahrini hokimiyat eplolmay qolganida aynan shu volontyorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, odamlar dardiga malham bo‘lgani” haqida yozdi. Shundan so‘ng Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati yuqorida bahsga sabab bo‘lgan videolavhaning to‘liq versiyasini e’lon qildi.
Izoh (0)