Eron razvedka xizmati yadro fizigi Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishini tashkillashtirgan kishilarning shaxsini aniqladi. Eron hukumatining rasmiy vakili Ali Rabiy Tehron “javob choralarini” ko‘rishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
“Barcha holatlar o‘rganilmoqda va ular aniqlanishi bilan javob choralari ishlab chiqiladi”, — deya ta’kidlagan Ali Rabiy.
Muhsin Faxrizoda Eron Mudofaa vazirligi huzuridagi tadqiqot markaziga rahbarlik qilgan. U 27-noyabr kuni Tehron provinsiyasining Damovend shahrida o‘ldirilgan. Olimga to‘xtab turgan mashinadan o‘q uzilgan, u kasalxonada vafot etgan.
Voqeadan so‘ng Eron prezidenti xavfsizlik choralarini kuchaytirish haqida topshiriq berdi. Eron o‘ldirilgan yadro fizigi uchun qasos olishga va’da berdi. Turkiya esa mintaqada tinchlikni buzmaslikka chaqirdi.
Olimning o‘ldirilishi ortidan Eron yadroviy faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmoqda, mamlakat parlamenti mamlakatning yadroviy faoliyatini tiklash bo‘yicha loyihaning umumiy qoidalarini ma’qulladi.
Izoh (0)