Xitoyning Huawei korporatsiyasi Honor smartfonlarini ishlab chiqaruvchi brendini to‘liq sotadi. Bu haqda kompaniya saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Huawei’ning iste’mol biznesi so‘nggi vaqtlarda ulkan bosim ostida… Ushbu bitim Honor sotuvchilari va yetkazib beruvchilariga og‘ir kunlardan chiqib olish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Brendni sotib olish uchun 30 dan ortiq agentlar va dilerlar birlashib, yangi Shenzhen Zhixin New Information Technology kompaniyasini tuzgan. Bitim summasi oshkor etilmagan. Avvalroq Reuters Huawei kompaniyasi Honor’ning barcha aktivlarini 15,14 milliard dollarga sotmoqchiligi haqida yozgandi.
Savdolar yakunlangach, Huawei Honor aksiyalariga egalik qilmaydi va uning boshqaruvida ishtirok etmaydi.
Huawei’ning ta’kidlashicha, ularning biznesini rivojlanishiga telefonlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan “texnik elementlarning doimiy tanqisligi” sabab bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Honor’ning Huawei’dan ajralishi birinchi navbatda AQSh sanksiyalaridan qochishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning mayida AQSh Savdo vazirligi Huawei’ni qora ro‘yxatga qo‘shgan. AQSh Huawei kompaniyasiga nisbatan rasman ayblovlar e’lon qilgan. Shundan so‘ng Huawei Google servislaridan butkul voz kechgan, Huawei o‘z smartfonlari uchun YouTube o‘rnini bosuvchi servis nomini e’lon qilgan.
Izoh (0)