Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda SANA davlat agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Tashqi ishlar vazirligi bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Valid Muallimning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildiradi”, — deyiladi xabarda.
Diplomatning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan.
Valid Muallim ishtirokidagi so‘nggi tadbir 25-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. O‘shanda u Damashqda BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen bilan uchrashgan edi.
Valid Muallim 1941-yilning 17-iyulida Damashqda tug‘ilgan. 1963-yilda Qohira universitetini “iqtisodiyot” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U Suriya sobiq prezidenti Xafiz al-Asadning tarafdori bo‘lgan Abdul Halim Haddamning yaqin odamlaridan biri hisoblangan.
1964-yilda Muallim Suriya Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, mamlakatning Tanzaniya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya va Buyuk Britaniyadagi missiyalarida xizmat qilgan. 1975—1980-yillarda Suriyaning Ruminiyadagi elchisi lavozimida ishlagan. 1984—2005-yillarda Suriya bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, 2006-yilda TIV rahbari etib tayinlangan. Shuningdek, u Suriya tarixiga oid qator kitoblar muallifi ham hisoblanadi.
Izoh (0)