Kosovo prezidenti Hoshim Tachi “mamlakat prezidentligining butunligini himoya qilish uchun” egallab turgan lavozimidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Kosovo poytaxti Prishtina shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tachining ma’lum qilishicha, Gaagadagi Kosovo bo‘yicha maxsus sud 2020-yilning iyun oyida unga qarshi e’lon qilingan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlardagi ayblovni tasdiqlagan.
Tergov talqiniga ko‘ra, Tachi va boshqa ayblanayotganlar 1990-yillarda Kosovoning Serbiyadan mustaqil bo‘lishi uchun bo‘lib o‘tgan urush vaqtida 100 nafar tinch aholining o‘limiga aloqador hisoblanadi. O‘shanda Tachi partizanlar yetakchisi bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Prishtinadagi matbuot anjumanidan keyin Hoshim Tachi o‘zini tergovchilarga topshirdi.
Hoshim Tachi Kosovoga 2016-yilning aprel oyidan buyon rahbarlik qilgan, ungacha esa qisman tan olingan davlatning bosh vaziri, bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning iyul oyida Kosovoning o‘sha paytdagi bosh vaziri Ramush Xaradinay harbiy jinoyatlarni tekshirish bo‘yicha Gaagadagi maxsus sudga gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinish uchun chaqirilgani sabab iste’foga chiqqandi.
Izoh (0)