“Andijon” klubi futbolchi Vitaliy Mirniy oldidagi qarzlarini o‘z vaqtida bartaraf eta olmagani uchun FIFA tomonidan jazolandi. Bu haqda Professional futbol ligasi direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev ma’lum qildi.
Imomxo‘jayevning ta’kidlashicha, klub 2021-yilgi mavsum uchun qishki va yozgi, shuningdek, 2022-yilgi mavsum uchun qishki transfer oynasida yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolay olmaydi. Agar klub sobiq futbolchisi oldidagi qarzlarini uzsa, bu taqiq olib tashlanadi.
Qayd etish joiz, avvalroq FIFA G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi uchun ham 2021-yilgi mavsumning qishki transferi uchun taqiq qo‘ygandi.
Ma’lumot uchun, ukrainalik darvozabon Vitaliy Mirniy 2019-yildan “Andijon” safida harakat qilib kelgan. Bir necha oy oldin klubdagi moliyaviy muammolar sabab tomonlar hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan.
“Andijon” Superliganing 21-turidan keyin 13 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda. Jamoa keyingi turda “Surxon” maydoniga safar qiladi. Uchrashuv 1-noyabr sanasiga belgilangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)