28-oktabr kuni Abxaziyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarining 299 kishidan iborat ikkinchi guruhi Sochi shahridan Uzbekistan Airways AJning charter reyslari bilan mamalaktga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 9-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ maxsus poyezdida yordamga muhtoj (homilador ayollar, qariyalar, kasallar va bolali ayollar) 19 nafar fuqarodan iborat birinchi guruh O‘zbekistonga qaytarilgan.

“Ayni paytda O‘zbekiston diplomatlari ushbu chegaraoldi hududida bo‘lib, Abxaziyadagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilmoqda. Hozirgi vaqtda Rossiya tomoni bilan Rossiya hududi orqali Abxaziyada qolgan O‘zbekiston fuqarolarini yurtimizga olib kelishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Sochi shahridan navbatdagi charter reyslarni amalga oshirish kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, TIV xorijiy mamlakatlar hududidagi O‘zbekiston fuqarolaridan ommaviy to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ymaslikni so‘ragan.

Avvalroq Rossiya orqali Abxaziyaga ishlashga borgan, pandemiya tufayli ushbu hududda qolib ketgan o‘zbekistonliklar Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ishonib, 15-oktabrdan boshlab Abxaziya—Rossiya chegarasida to‘plana boshlagani, ularning yuzga yaqini ortga qaytishni istamay, chegara-nazorat punkti atrofida tunayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Tashqi ishlar vazirligining 30-sentabr kungi bayonotida 400 ga yaqin o‘zbekistonliklarning birinchi guruhi oktabr boshida vatanga qaytarilishi aytilgandi. O‘zbekistonning Rostov-Dondagi bosh konsulligi bosh konsuli Rustam Kurganbayev ushbu jarayonning cho‘zilib ketganini charter reyslar bilan olib kelinadiganlar ro‘yxatini tuzishga ko‘p vaqt ketib qolgani, qolaversa, Rossiya Maxsus komissiyasidan O‘zbekiston fuqarolarining Sochi orqali olib chiqib ketilishiga ruxsat olish kechikkani bilan izohlagandi. Keyinroq Kurganbayev pandemiya tufayli Abxaziyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish 28-oktabrdan boshlanishini ma’lum qilgan.