“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni – 20 yildan buyon masjidda imomlik qilib kelayotgan kishi
Rustamjon Hamidov 40 yoshda. Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Uch farzandning otasi. 20 yildan buyon Baliqchi tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” masjidida imomlik qilib kelmoqda.
Bolaligim g‘amgin o‘tgan
Katta buvimning qo‘llarida katta bo‘lganman. Yoshligimdan otam bo‘lishini, boshqalarning otasi kabi menga biror hadyalar olib kelsa-yu, yugurib borib qo‘llaridan olsam, deb orzu qilar edim. Balki, qo‘shni bolalarda shu holni ko‘rganim uchundir, bilmadim. Doim shunday xayol qilardim. Xullas, shunday qiyinchiliklar bilan ulg‘aydim.Katta buvimiz juda dindor ayol edilar. Alloh rahmat qilsin, diniy ta’lim olishimda u kishining xizmatlari katta bo‘lgan. Yoshligimizdan kitob o‘qitardi.
Payg‘ambarimizning “Kim dunyoni xohlasa, tijorat qilsin, kim oxiratni xohlasa, zuhd-u taqvo bilan ibodat qilsin, kim ikkovini ham xohlasa, ilm olsin!”, degan hadislariga amal qilib, Andijonda madrasada o‘qidim, Alloh salomat qilsin, juda yaxshi olimlardan ta’lim olish nasib etdi. Madrasani bitirgandan keyin o‘zimizning qishloqdagi masjidda imom bo‘lib ishlay boshladim.
Inson xohlasa, istagan kasb egasi bo‘la oladi
Asli kasbim – duradgorlik. Yoshlik paytlarimda ustozlarning odamlarga uy qurib bersa, katta savob bo‘ladi, “Qiyomat qoyim bo‘lganda sartaroshlar, odamlarga uy qurib beradigan ustalardan nur chiqib turadi”, degan gaplarini eshitib, aynan duradgorlikni o‘rganganman. Hozir uy solaman, tom yopaman. Ishimga qo‘shimcha temir payvandlash va hozirgi tilda aytganda, santexniklik ishlarini ham qilib turaman.Asosiy faoliyatim – imomlikka kelsak, bir ustozimiz “Imomlar payg‘ambar alayhisalomning merosxo‘rlari bo‘ladi”, degan edilar. Bu gapni eshitganimdan so‘ng qalbimda bir muhabbat uyg‘ongan. Shu xizmatni qilsam, odamlarga dinni o‘rgatsam deb o‘qib-o‘rgandim. Alhamdulillah, kattalarimiz shunday ulug‘ vazifaga meni loyiq topishdi. Mana, 20 yildan buyon qishlog‘imizdagi “Oqqo‘rg‘on” masjidida imomlik qilib kelyapman.
Imomlik kasbmi yoki martaba?
Imomlik – kasb emas. Bu juda mas’uliyatli vazifa. Imomlikka insonlar avvalo ilmiga, odamlar bilan bo‘lgan munosabatiga, dinga xizmat qilishiga va uni qay darajada himoya qila olishiga qarab tayinlanadi. Yuqorida aytganimdek, o‘sha nomzod “payg‘ambarga merosxo‘ri” bo‘lishga loyiq bo‘la oladimi, bu nomni oyoqosti qilib qo‘ymaydimi deb yaxshilab e’tibor beriladi. Chunki ko‘p hollarda ko‘ramiz, “qoring, imoming bunaqami”, deb ba’zi bir imomlarni noqis joylarini ushlab olib, dindan nafratlanishadi. Keyinroq shunday xatolarga keyin yo‘l qo‘ymaydimi, degan mulohazalar bilan saralanib, muftiy tomonidan tayinlanadi.Imomlikning masjiddagi vazifalari
Masjidda imomning vazifalari unchalik qiyin emas. Jamoat bilan namoz o‘qiydi. Odamlarga dindan ta’lim beradi. Namozga kelganlarga halol va haromdan, bolalarga ota-onaning haqqi, otalarga esa ayoli va bolalarning haqqi xususida ma’ruzalar qiladi.Odamlar imomlarni juda hurmat qilishadi, ishonishadi. Kelib o‘zlarini qiynayotgan muammolarini aytadilar, bizdan umidvor bo‘ladilar. Bilasizmi, meni eng qiynaydigani aksar hollarda biz ularga yordam berolmaymiz, hojatini chiqarolmaymiz. Bizdan umid qilib kelgan insonlarga uzr aytib, o‘zimning sharoitimni tushuntiramiz. Uni sabrga chaqirishlik bilan kifoyalanamiz. Ochig‘i, bundan judayam charchadim...
Bir umrga dars bo‘lgan voqea
Bir kuni masjidda o‘tirganimda oldimga bir ayol keldi. Aytishicha, ayolning uch farzandi bor, eri esa vafot etgan, belida og‘ir kasalligi borligi uchun ishlolmayotgan ekan. Ayol do‘kondan qarzga ovqat olib yegan. Oradan bir oy o‘tgan, ikki oy o‘tgan. Qarzini to‘lolmayotgani uchun dastlab pasportini, keyin bolalarining tug‘ilganlik guvohnomasigacha bergan.Oxiri umuman najot qolmay masjidga kelganini, hatto uch kundan beri bolalari ovqat yemayotganini aytib, yordam so‘radi. Men odatdagiday sharoitimizni aytib, sabr qilishlikni tushuntira boshladim. Menimcha, u buni kutmagan chog‘i ko‘zida yosh bilan: “Domla buva, bilasizmi, men nima uchun bu yerga keldim. Boshqa boradigan joyim qolmadi. Qarindoshim yo‘q, qo‘ni-qo‘shnilarim mendan zerikdi. Do‘konchilar meni tanib qolgan, nasiyaga narsa bermayapti. Men bolalarim o‘lib qoladi, deb oldingizga keldim. Agar siz yordam bermasangiz, menga kim ko‘mak beradi? Siz bu yerda nima qilib o‘tiribsiz?” deb masjiddan chiqib ketdi.
Ayolning gapi qalbimga shu darajada qattiq ta’sir qildiki, xonamda ancha payt o‘tirib qoldim. Keyin tashqariga chiqib, qorovuldan haligi ayolning manzilini so‘rab-surishtirdim. Uyini topib bordik. Bir-ikki odamga aytib, ayolning qarzini to‘ladik.
Bu voqea menga bir umrga dars bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab faoliyatimni o‘zgartirdim. Imom nafaqat ma’naviy, balki moddiy tomondan ham odamlarga yordam berolsin. Bir fond tashkil qilaylik. Xossatan, o‘sha beva ayolga o‘xshagan muhtojlar kelib qolsa, ularga yordam beraylik, hojatini chiqaraylik deb niyat qildim.
Alhamdulillah, hozir shu fond ishlayapti. O‘sha ayoldan so‘ng birorta ayol masjidimizdan xafa bo‘lib ketmadi.
Bugungi kunda yetim va boquvchisini yo‘qotgan bolalar bilan bog‘liq xayriya aksiyasini uyushtiramiz. Bilasizmi, 3-4 soatlab mahallalarda yurib, ularni qidiramiz. Muhtoj oilalarni topib, sharoitini o‘rganamiz. Bolalarni otaliqqa taklif qilamiz, yetim bolaga kafil bo‘ling, deymiz. Kafillar darrov topiladi, hattoki ehson uchun navbatda turgan saxovatpesha odamlarimiz bor. Xayriya mablag‘lari bilan uylar qurib beramiz. Kiyim-kechagidan, oziq-ovqatidan xabardor bo‘lamiz.
Hozir 350 tadan oshiq bolamiz bor, oziq-ovqat bilan yuz foiz ta’minlangan. Alhamdulillah, hamma bolaning otasi bor.
Hayotimdan mamnun emasman...
Alloh taolo menga ko‘p ne’matlar berdi. Iymon berdi. Iymonimda halovat topdim. Alloh menga o‘zini tanitdi. Madrasada o‘qidim. Bir soliha jufti halol nasib etdi, farzand ne’mati bilan siyladi. Hozir bir qizim, ikkita o‘g‘lim bor, hammalari diniy tarbiya olib katta bo‘lyapti. Qizimiz ham ahli Qur’on bo‘ldi, o‘g‘illarimiz dinni, Qur’onni yaxshi ko‘radi. Mo‘minligim uchun Allohga ko‘p shukrlar qilaman. Ko‘proq ilmimga amal qilsam deyman. Farzandlarim, ota-onam, yaqinlarim, atrofimdagi barcha shogirdlarim — hamma-hammasi jannatga tushsa deyman. Biroq... men o‘zimning hayotimdan, musulmonligimdan mamnun emasman. Mamnun bo‘lib qolishlikdan ham qo‘rqaman.Kelgusidagi rejalarim
Har qanday din ilmiga qiziqqan odam o‘zidan qoniqmaydi. O‘zini noqis deb o‘ylaydi. Men ham yana ilm olmoqchiman. Bir necha kun bo‘ldi, Toshkent islom institutining “Oliy ma’had” kursiga o‘qishga kirdim. Inshaalloh, Toshkentda o‘qishni boshlayman. Alloh menga foydali ilm bersa, deb umid qilaman.Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi
Avvalgi soyadagi odamlar:
Erkakning “yurib ketishi”ga ayolning o‘zi sababchi bo‘ladi — Pardozchi qiz hikoyasiBozorchi ayollar ayol emasmi? Bozorchi ayol hikoyasi
“Aravakashlik qilib, qizimni ToshMIda o‘qitdim”. Aravakash amaki hikoyasi
“Musorga tashlab yuborilgan 34 million so‘mni topib berganman”. Chiqindi yig‘uvchi amaki hikoyasi
“Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin”. Go‘rkov Yursunali ota Umaraliyev hikoyasi
“O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotilmaydi!” Morg xodimining hikoyasi
Izoh (0)