Trafalgar jangi Napoleon davridagi ingliz va birlashgan ispan-fransuz floti o‘rtasidagi o‘z davrining eng yirik dengiz harbiy janglaridan biri sifatida tarixda qoldi. “Daryo” 21-oktabrdagi Trafalgar jangi sanasi munosabati bilan 60 ta harbiy kema ishtirok etgan mashhur ingliz admirali Goratsio Nelson g‘alabasi bilan tugagan jang tarixi haqida hikoya qiladi.
Trafalgar jangining sabablari
1805-yilda Napoleon armiyasi Yevropa qit’asidagi eng yirik va kuchli harbiy qudratlardan biri sanalardi. Dengizda bo‘lsa, Buyuk Britaniya floti qudratli hisoblanar va Buyuk Britaniya dengizdagi mavqeyidan foydalangan holda, Napoleon Fransiyasini o‘z koloniyalari bilan amalga oshiradigan oldi-sotdisiga to‘sqinlik qilish uchun dengiz qamalini joriy qildi. Natijada, fransuzlar o‘zlarining Afrika, Yangi dunyo – Shimoliy Amerika kabi hududlaridagi harbiylarini o‘z vaqtida qurol-yarog‘, kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan o‘z vaqtida ta’minlay olmaydi.Napoleon ingliz hukumatiga qarshi javob sifatida inglizlarning Yevropa qit’asidagi mamlakatlari bilan oldi-sotdisini qiyinlashtirib qo‘ydi. Bu esa Buyuk Britaniyaning Yevropa qit’asidagi ittifoqchilari bilan aloqalariga zarba edi. Napoleon Bonapart bu bilangina cheklanib qolmay, o‘z qo‘shinlarini tumanli Albionga tushirish orqali Buyuk Britaniyani taslim qilishni ham rejalashtirdi. Napoleon tuzgan reja “Bulon amaliyoti” sifatida tarixda qoldi. Aynan shu harbiy amaliyot Buyuk Britaniya va Napoleon Fransiyasi o‘rtasida dengiz jangining kelib chiqishiga turtki bo‘ldi.
Urushning boshlanishi
Buyuk fransuz inqilobining boshlanishidan Fransiya Buyuk Britaniya uchun yirik raqobatchiga aylangandi. Ingliz nafaqat fransuz qirollarining taxtdan to‘ntarilishi borasida, balki azaliy raqib Fransiyaning iqtisodiyot, savdo-sotiq sohalarida kuchayib ketishidan xavfsirardi. Ingliz hukumati esa Fransiyaning qudrati ortishiga jimgina qarab tura olmas va Yevropa qit’asidagi ittifoqchilari yordamida Napoleon Fransiyasiga zarba berish haqida bosh qotirar va o‘z ittifoqchilarini moliyaviy, harbiy jihatdan ta’minlashga urinardi.1802-yilda Amyenda imzolangan bitim uzoq davom etmadi. Inglizlar ham, fransuzlar ham istilo qilgan hududlaridan o‘z harbiylarini olib chiqib ketish borasida kelishilgan sulhning shartlarini bajarishni ortga surib keldi. Bundan tashqari, inglizlar kelishilgan sulhga qaramay, fransuz bozorlarida o‘z mahsulotlarini sota olmasligiga amin bo‘ldi. Rasmiy Londonda fransuzlarning ashaddiy raqibi “Fransiya mag‘lub qilinishi kerak”, degan iddaolar ko‘proq yangray boshlaydi.
1803-yilga kelib ingliz floti fransuz portlarini qamal qilishni boshlashi ortidan urush harakatlari boshlanib ketdi. Napoleon inglizlarga qarashli bo‘lgan Gannoverni egallab oldi. Gollandiya va Ispaniya inglizlarga qarshi o‘z dengiz harbiy kuchlarini Napoleon ixtiyoriga berdi. Bonapart barcha ingliz mahsulotlarini musodara qilish va ingliz harbiylarini qamoqqa olishni buyurdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri kichik Uilyam Pit astoydil fransuzlarga qarshi ittifoq tuzishga kirishdi va o‘z tarafiga rus va avstriyaliklarni jalb qilish ishlariga kirishib ketdi. Fransuzlar esa o‘z navbatida La-Mansh sohillarida Buyuk armiya deb nomlangan katta harbiylardan iborat qo‘shinni inglizlarga qarshi safarbar qildi. Napoleon o‘z mulozimlariga Angliyani bosib olish uchun tumanli uch kun kifoya ekanini aytib maqtanardi. Angliyada esa Napoleon hujum harakatlarini boshlaganidan darak topganlar Angliyaning taqdiri borasida tashvishda edi.
Ingliz floti oldidagi qiyin jumboq
Napoleon inglizlarga qarshi urush e’lon qilgan paytda rasmiy Londonda fransuzlarga qarshi jangda kim flotni boshqarishi va urushda albatta g‘alaba qozonish kabi mashaqqatli muammo yuzaga keldi. Muammoni bartaraf qilish uchun ingliz hukumati dengiz qo‘shinlariga bosh qo‘mondon qilib, mashhur admiral Goratsio Nelsonni tayinlaydi. 1758-yilda tug‘ilgan Goratsio Nelson ingliz flotida yosh bo‘la turib, ingliz fregatiga kapitan bo‘lish sharafiga erishgan xalq orasida mashhur harbiylardan biri edi. Goratsio Nelson ko‘p yillar mobaynida Britaniya flotiga sodiq xizmat qilar ekan, ayniqsa, Vest-Indiyadagi harbiy muhorabalarda shuhrat qozongandi.1793-yildagi ingliz-fransuz urushi davrida Nelson O‘rta Yer dengizidagi janglarda qatnashib, o‘z shuhratiga shuhrat qo‘shgan kam sonli dengiz jangi sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirgan qo‘mondonlardan biri sifatida tanildi. Dastlab, u boshchiligidagi jamoa Korsika orollarida “Agamemnon” kemasida ko‘p janglarda ishtirok etdi. 1794-yildagi Kalvidagi janglardan birida bir ko‘zidan ayrildi. Nelson tabiatiga ko‘ra, qaysar harbiy dengiz sarkardalaridan biri sifatida tanilgan bo‘lib, agarda hukumat jiddiy janglarda qo‘rqoqlarcha harakat qilayotgan bo‘lsa, ularning ko‘rsatmalariga qarshi chiqqan holda o‘z jangini olib borardi. Uning bu tabiatini uning jamoasi qo‘llab-quvvatlar va unga o‘z maqsadiga erishishda astoydil yordam berardi.
Hattoki 1798-yilda Nelson qo‘mondonligi ostidagi ingliz harbiy kemasi Napoleon Misrga sayohatga chiqqanini eshitib, uning kemasini asirga olishga harakat ham qilgani, tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan edi.
Goratsio Nelson va Pyer Sharl Jan Batist de Vilnyov to‘qnashuvi
Pyer Sharl Jan Batist de Vilnyov Fransiyaning Provans viloyati Valansol shaharchasida dunyoga keldi. 1779-yilda Fransiya dengiz flotida o‘zining ilk xizmatini boshlaydi. Aslzodalar qatlamiga mansubligiga qaramasdan buyuk fransuz inqilobiga xayrixoh bo‘ldi. Hattoki de Vilnyov o‘zining aslzodalik martabasidan voz kechgan holda fransuz inqilobi harakatini qo‘llab-quvvatlashga ahd qildi. Bir necha dengiz janglarida xizmat ko‘rsatib, e’tiborga tushgach, 1798-yilda kontr admiral rutbasiga sazovor bo‘ldi.1804-yilda Napoleon Bonapart de Vilnyov qo‘mondonligi ostidagi dengiz harbiy kuchlariga inglizlar qamalidan chiqib, Britaniyaga bostirib kirish topshirig‘ini yuklaydi. Napoleon tuzgan rejaga ko‘ra, de Vilnyov Vest-Indiyaga suzib ketishi, inglizlarning Karib havzasidagi harbiy qismlariga hujum qilishi va Atlantika ummoni orqali ortga qaytib Brestda ispan va fransuz harbiy qo‘shinlari bilan qo‘shilishi hamda La Manshdagi ingliz flotini tor-mor qilib, tumanli Albionga kirishi kerak edi. Mazkur harbiy amaliyot o‘ta xavfli va qaltis ham edi.
Nelson o‘z navbatida fransuz floti ispanlar bilan ittifoqchilikda O‘rta Yer dengizida hujum o‘tadi deb taxmin qildi. Biroq de Vilnyov boshchiligidagi flot Vest-Indiyaga qarab ketgani haqidagi xabarni qo‘lga kiritgach, Atlantika ummonida ularni ta’qib qilishga harakat qildi. Maqsad fransuzlarning harbiy rejasiga to‘sqinlik qilish bo‘ldi. De Vilnyov ingliz flotining son jihatidan ustunligini sezgan holda o‘z yo‘nalishini Yevropa qit’asi taraf o‘zgartirdi. Admiral Nelson de Vilnyov bilan dengiz jangiga kirishar ekan, birlashgan ispan-fransuz qo‘shinlari Kadisdan chiqmasligidan yoki inglizlar bilan jang qilmasligidan cho‘chirdi.
Ingliz floti uchun fransuzlarni dastlabki jangda mag‘lub qilish va dengizdagi hukmronlikni kimga tegishli ekanini ko‘rsatib qo‘yish edi. Napoleon esa o‘z harbiy admirallarining qat’iyatsizligidan ranjir va ulardan jangni ijobiy hal qilishni talab qilardi. Ittifoqchilar qo‘l ostida 33 dona harbiy kema mavjud bo‘lsa-da, Nelson qo‘l ostidagi 27 dona harbiy kema puxta rejalashtirilgan va matonat ko‘rsatilgan jangda g‘olib bo‘ldi. Bir necha soat davom etgan jang natijasida Goratsio Nelson qo‘mondonligi ostidagi ingliz harbiy floti birlashgan fransuz-ispan flotini tor mor qildi.
Jangning oqibatlari
Urush natijasida fransuz va ispan dengiz kuchlari o‘zlarining 22 harbiy kemasidan ayrildi. Goratsio Nelson mushketdan otilgan o‘qdan umurtqasidan jarohat oldi, de Vilnyov esa mazkur jangda halok bo‘ldi. 47 yoshli Nelsonning shaxsiy matonati va jasurligi inglizlarga g‘alaba keltirdi. Trafalgar jangida inglizlarning Napoleon floti ustidan qozonilgan g‘alabasi Buyuk Britaniyaning bir necha asr davom etgan dengizdagi ustunligini yorqin ifodasi sifatida tarixda qoldi. Ingliz flotidan mag‘lub bo‘lgan Napoleon o‘z jangovar harakatlarini kelajakda Rossiya va Avstriyaga qarshi yo‘naltirishga majbur bo‘ldi. Bu esa buyuk Napoleonning ingliz flotining mahoratini e’tirof etganligidan darak edi.Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)