Milliy gvardiya xodimlari Toshkentda Anhor kanaliga o‘zini tashlagan 33 yoshli ayolni qutqarib qoldi. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Shayxontohur tumani Anhorbo‘yi ko‘chasi bo‘ylab jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmat vazifasini o‘tayotgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi serjant A.Murodov 20-oktabr kuni taxminan soat 14:00 larda ushbu yo‘nalishdagi Anhor kanaliga o‘zini tashlagan ayolning hayotini saqlab qolgan.
Dastlabki surishtiruv jarayonida qutqarilgan fuqaro Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 1987-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Sh.N. bo‘lib chiqdi. U oilaviy muammolari borligi sabab o‘z joniga qasd qilishga uringani aniqlandi.
Shayxontohur tumani ichki ishlar xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi Milliy gvardiya xabarida.
2019-yil 19-oktabrda ham Anhor kanaliga o‘zini tashlashga uringan 39 yoshli ayol Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarib qolingandi. Shuningdek, 2020-yil yanvar oyida IIBB patrul-post xizmati xodimi Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan ayolni qutqargani, aprelda esa Toshkentda Qichqiriq kanalida cho‘kayotgan ayolning hayoti saqlab qolingani xabar qilingan.
Izoh (0)