“Daryo”ga Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.S. (arizachining iltimosiga ko‘ra ism-familiya qisqartirildi) murojaat qilib, 2018-yilning 30-yanvar kuni Samarqand shahridagi 16-sonli notarial idorasi notariusi Baxtiyor Himmatov o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, sobiq turmush o‘rtog‘i Abdunabi Xoliqov va Vakil Abduxoliqov bilan til biriktirgan holda firibgarlik, aldash yo‘li bilan mulkiy va moddiy zarar etkazish maqsadida uning nomidan hujjat qalbakilashtirganligini bildirgan.
Arizada qayd etilishicha, Samarqand shahar Ibn Sino ko‘chasi 5-uyda joylashgan “Dobriy doktor servis” MChJ binosini sobiq turmush o‘rtog‘i Abdunabi Xoliqovning otasi Po‘lat Xoliqovning nomiga o‘tkazish bahonasida er-xotin o‘rtasida topilgan mol-mulk qalbaki hujjatlar asosida boshqa shaxslarga sotib yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib bordi.
Arizachining ta’kidlashicha, u 2001-yilda turmushga chiqqan va uch nafar farzandi bor. 2012-yildan boshlab oilaviy kelishmovchiliklar sabab turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, bir necha bor ajrashmoqchi bo‘lgan. Ammo qarindoshlarining o‘rtaga tushishi bilan er-xotin yarashgan. Biroq oilaviy nizolar davom etib kelgan.
“2018-yilning 30-yanvar kuni sobiq turmush o‘rtog‘imning do‘sti Vakil Abduxoliqov kelib, turmush o‘rtog‘im operatsiya qilgan bemor o‘lib qolganligini aytdi. O‘lgan bemorning yaqinlari erimning ustidan shikoyat qilganligini, agar ‘Dobriy doktor servis’ MChJ binosini qaynotam nomiga o‘tkazmasak, xususiy shifoxona musodara bo‘lishi va erim qamalishini aytdi, — deydi M.S. — Shundan so‘ng Samarqand shahridagi 16-sonli notarial idoraga Vakil Abduxoliqov bilan birga bordim. Borganimda notarius Baxtiyor Himmatov va sobiq turmush o‘rtog‘im o‘tirgan ekan. Notarius menga oq qog‘oz berdi, qog‘ozda hech narsa yozilmagandi. U menga qarab eringiz operatsiya qilgan kasal o‘lib qolibdi, shuning uchun xususiy klinika binosini qaynotangiz nomiga rasmiylashtirishimiz kerak, hozir men nima aytsam qog‘ozga shuni yozasiz, dedi. Sobiq turmush o‘rtog‘im qamalib ketmasligi uchun erim, uning do‘sti va notarius ishtirokida notarius aytganlarini qog‘ozga yozdim. Arizada ‘Dobriy doktor servis’ MChJ binosini qaynotam nomiga o‘tkazishga rozilik bildirib, imzo qo‘ydim. Arizada hech qanday kompyuterda yozilgan yozuvlar yo‘q edi. Keyin notarius reyestr jurnalini oldida, bu xuddi sizlarda kasallarni ‘registratsiya’ qiladigan jurnalga o‘xshagan daftar deb, o‘sha daftarga ism-familiyamni yozib qo‘yishimni aytdi. Men u yerga ism-familiyamni yozib, imzo qo‘ydim. Ism-familiyam yozilgan qatorda hech qanday so‘zlar yozilmagan edi. Keyinchalik bilsam, o‘sha daftarga ariza olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar qayd etilib, uning bir nusxasini olganligim to‘g‘risida ‘grafa’ ekan. Lekin notarius mening qo‘limga hech qanday arizaning asl nusxasini bermasdan chiqarib yuborgan”.
Fuqaro M.S.ning ta’kidlashicha, notariusda hujjat rasmiylashtirilganidan so‘ng oradan bir hafta o‘tib turmush o‘rtog‘i ajralish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan. M.S. turmush o‘rtog‘ining maqsadini ana shunda tushungan. 2018-yilning iyun oyida M.S. notariusga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi imzo chekkan hujjat nusxasini so‘ragan.
“Notarius o‘sha arizada yuz foiz o‘z ulushimdan voz kechganligimni aytib, uning sizga hech qanday ahamiyati yo‘q dedi. Shundan so‘ng menda shubha paydo bo‘ldi. Axir men arizada boshqa narsa yozgandim, — deydi M.S. — Mantiqan o‘ylaydigan bo‘lsak, uch farzandi bilan ko‘chada qolib turmushidan ajrashgan ayol yuz foiz ulushidan voz kechishi mumkinmi? Xo‘p, mayli, nima bo‘lsa ham o‘shandan nusxa bering, deb notariusning oldiga bordim. Qalbakilashtirilgan hujjatda ‘Dobriy doktor servis’ MChJ ustav fondidagi 99,9 foiz ulushim yoki 47 million 937 ming so‘mlik ulushni qaynotamga o‘tkazishga qarshi emasman deb ariza qilingan. Aslida men unday mazmunda ariza yozmaganman. Nega aynan 100 foiz ulushim emas, 99,9 foiz kiritilgan? Mana shunday chalg‘ituvchi yo‘llar bilan men yozgan haqiqiy arizadagi imzom skaner qilinib, undagi qo‘lyozma kompyuterda terilib, imzo arizaga joylashtirilgan. Qolaversa, tekshiruv jarayonida qalbakilashtirilgan hujjatning ranglari bo‘yalib ketgan. Uni oddiy ko‘z bilan farqlash mumkin”.
2018-yilning 2-avgust kuni fuqaro M.S. Samarqand shahridagi 16-sonli notarial idorasiga borgan. U yerda notarius Baxtiyor Himmatov kotibasiga uning qo‘l telefoni va sumkasini olib qo‘yishini aytgan. Kotiba sumka va qo‘l telefonini olib eshikni yopib qo‘ygan.
“Kotiba chiqib ketganidan so‘ng Baxtiyor Himmatov hech qanday hujjat bermasligini aytib qo‘limdan tortib, haqorat qildi. ‘Sen ulushingdan voz kechgansan, endi hech qanday foydasi yo‘q’ dedi. Senga qilgan muomalam va hujjatni qalbakilashtirilganligini isbotlay olmaysan deb ustimdan kulib, sarson qilishini aytdi, — deydi M.S. — O‘sha kuni uning menga qilgan muomalasidan yig‘lab yubordim. Eshikni ochinglar, deb baqirganimda tashqaridan yordamchisi kelib eshikni ochdi. U yerdan chiqib Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildim. Adliya boshqarmasidan bitta xodimi kelib bizlarni olib ketdi. Viloyat adliya boshqarmasida Otabek Polvonov degan xodim bo‘lgan voqeani eshitdi. U yerda ham tortishuv bo‘ldi. Uning oldida o‘zini oqlashga o‘tib ketdi. Men u yerdan ham yig‘lab chiqib ketdim va to‘g‘ri prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmasiga borib ariza yozdim. O‘shandan beri sarson bo‘lib yuribman”.
M.S.ning aytishicha, notarius uning qo‘lidan tortganida jarohat olgan va 2018-yilning 4-avgust kuni ekspertizadan o‘tgan. Qilingan haqorat va qalbakilashtirilgan hujjat bo‘yicha viloyat prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasiga ariza berganidan so‘ng notarius Baxtiyor Himmatov fuqaro M.S.ning uyi va ishxonasiga borib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yozgan arizalarini qaytarib olishni talab qilgan. (Bu bo‘yicha tahririyatda audioyozuvlar bor).
“Birinchi arizam Samarqand shahar prokuraturasida tergovchi F.Mardonov tomonidan ko‘rib chiqilayotgan edi. Tergov davomida F.Mardonov menga arizamni qaytarib olishimni, aks holda o‘zimni tuhmat bilan javobgarlikka tortishini aytdi. Men tergovchining talabini rad etib, uning ustidan viloyat prokuraturasiga shikoyat qildim. Shundan so‘ng ishni Jomboy tuman prokuraturasiga o‘tkazishdi. Tergovchining noqonuniy talabi menda yana shubha uyg‘otgandi”, — deydi M.S. (F.Mardonov ustidan viloyat prokuraturasiga yozilgan ariza nusxalari bor.)
Fuqaro M.S.ning arizada keltirilgan holatlari to‘liq o‘rganilmasdan, prokuratura va IIB tomonidan ko‘rib chiqilyapti deb bir yildan oshiq vaqt davomida sarson qilib kelingan. Keyinchalik ikkita tashkilot ham bu hujjat notariusda saqlanmasligini ma’lum qilgan.
“2019-yilning 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari Saidlaziz Saidkarimovning Samarqandda o‘tkazgan sayyor qabuliga kirdim. O‘sha uchrashuvda notarius qilgan hujjat uch nusxada tayyorlanishi, bitta nusxasi notariusda 3 yil, undan so‘ng 75 yil arxivda saqlanishini bildim. Saidlaziz Saidkarimovga masalani aytganimdan so‘ng viloyat prokurori o‘rinbosari A.Eshquvvatov hammasini boshqatdan qonuniy ko‘rib, men notariusda yozib bergan rozilik arizasining notariusda saqlanadigan asl nusxasini topishga va’da berib, mendan uzr so‘radi, — deydi M.S. — Ammo bosh prokuror o‘rinbosari ketganidan so‘ng yana sarsongarchilik boshlandi. Oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorning sayyor qabuli bo‘ldi. Bosh prokuror qabuliga kiraman deb borganimda A.Eshquvvatov va uning yordamchisi qabulga kirmasligim uchun meni xonaga qamab o‘tirishdi. Bosh prokuror chiqib ketganidan so‘ng qo‘yib yuborishdi. Shu yerda menda yana shubha uyg‘ondi. Xo‘sh, ayting-chi, agar men nohaq murojaat qilayotgan bo‘lsam nega bosh prokuror qabuliga qo‘yishmadi?”.
Murojaatchining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuror o‘rinbosarining sayyor qabuliga kirganidan so‘ng uning murojaatini o‘rganish Jomboy tuman prokuraturasiga o‘tkazilgan va 2019-yilning 21-dekabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu ish yuzasidan tergov harakatlari Samarqand shahar IIO FMBda tergovchi L.Mamatov va N.Igamberdiyev boshchiligida olib borilgan.
“Oxirgi ekspertiza xulosasi 2020-yilning 12-mart kuni chiqarilgan. Lekin uch oygacha meni tergov hali davom etyapti, deb aldab kelishdi. Ushbu tergov jarayonida qalbaki hujjat va reyestr jurnalida jinoyat belgilari bo‘lsa-da, tergovchi jinoyatni yashirib ishni bekor qilgan. Hattoki X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi xodimlari R.Turimbetov va M.Qambarova hujjatda jinoyat alomatlari bo‘la turib, noto‘g‘ri xulosa bergan. Sababi sud-xatshunoslik va sud-texnik ekspertizasini o‘tkazishda jinoyat belgilarini yashirish maqsadida o‘zlari ko‘rsatib o‘tgan adabiyotlar bo‘yicha ham tekshirish usullarini to‘liq o‘tkazmagan. Aniqlagan xatoliklarini to‘liq bayon etmagan. Tergov jarayonida tergovchi L.Mamatov ashyoviy dalillar bilan to‘liq ishlamagan. Ya’ni reyestr jurnalida shu ariza mazmunini tasdiqlovchi so‘z bilan ariza mazmuni to‘g‘ri kelmagan. Notariusga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tergovchi L.Mamatov tomonidan jinoyat alomatlari bo‘la turib rad etilganidan so‘ng Samarqand viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov va Tergov bo‘limi boshlig‘i R.Ashrapov qabuliga kirmoqchi bo‘ldim. Ammo shu kunga qadar ularning qabuliga kira olmayapman. R.Ashrapovning yordamchisi D.Qurbonov murojaatni o‘zimiz hal qilamiz, deb qabulga kiritmaydi”, — deydi u.
Fuqaro M.S. notarius tomonidan ariza o‘zgartirilganligi masalasida ikki marotaba adliya vaziri Ruslanbek Davletovning qabuliga kirgan. Ammo vazir bilan uchrashuvdan so‘ng ham hech qanday natija bo‘lmagan.
“Adliya vaziri Ruslanbek Davletov xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish sertifikati olganligini OAVda maqtovlar bilan bong urib aytishdi. Aslida esa vazir o‘zining tasarrufida bo‘lgan notariusning hujjat qalbakilashtirganligini, shu vazirlikka qarashli bo‘lgan respublika sud-ekspertiza markazi xodimlari jinoyat alomatlari bo‘la turib, uni yashirayotganligini qanday tushunish mumkin? Shuning o‘zi uyushgan korrupsiya emasmi”, — deydi M.S.
Fuqaro M.S.ning murojaati asosida Samarqand shahridagi 16-son notarial idorasi notariusi Baxtiyor Himmatov bilan ham suhbatlashdik.
Notariusning ta’kidlashicha, bu bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ekspertiza xulosasi olinib, murojaat o‘rganilmoqda.
“Holat bo‘yicha ko‘p ariza bo‘lganligi hisobga olinib, jinoyat ishi ochilgan. Jinoyat alomatlari yo‘qligi sababli tergov bir marotaba bekor qilingan. Yana qo‘shimcha ariza tushgani uchun yana qaytadan kamchiliklarini o‘rganyapti, — deydi Baxtiyor Himmatov. — Hujjatdagi imzo o‘ziniki ekanligi, tekst o‘zgartirilmaganligi, ularda hech qanaqa qo‘shimcha o‘zgartirish kiritilmaganligi, hammasi bir necha marotaba qayta-qayta ekspertizalardan o‘tib, hech narsaga o‘rin qolmagan bu masalada”.
Baxtiyor Himmatov 2018-yilning 2-avgust kuni notarial idorada bo‘lgan janjal yuzasidan ham o‘z munosabatini bildirib, holat prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilganligini ta’kidladi.
“Prokuratura xulosalarini bergan. Hammasi bo‘rttirilgan va bo‘lmagan gaplar ekanligi isbotini topgan. Bu narsalarning hammasi hatto jinoyat ishi qo‘zg‘atilib o‘rganildi. Ikki yildan buyon tingan emas, — deydi Baxtiyor Himmatov. — Siz xohlasangiz, arizani qo‘lda yozib berasiz. Lekin hozir qo‘lda yozish, yaqin yilda bunaqasi bo‘lmagan. Sizning qo‘lingizga tekst yozib chiqarib beriladi. E’tirozingiz bo‘lsa, chizib, qanaqa o‘zgartirish kiritilishini aytasiz. Yana chiqarib beramiz. Yana e’tirozingiz bo‘lsa, ya’ni siz aytgan fikringiz to‘g‘ri yozilmagan bo‘lsa qaytadan yozib beradi. Tekst ma’qul bo‘lganidan keyin tagiga qo‘l qo‘yasiz. Men haqiqatan fuqaro shu hujjatga imzoni o‘zi qo‘ydi, deb orqasiga imzoni haqiqiyligini shahodatlab beraman. Uning ichidagi matnga aslida men javob ham bermayman. Yozuvni o‘zgartirishdan menga hech qanday naf yo‘q”.
Shuningdek, Baxtiyor Himmatov ariza notarial idorada saqlanmasligini, faqatgina shartnomalar saqlanishini bildirdi. Uning aytishicha, ariza fuqaro talab qilgan mazmunda chiqarilib, tasdiqlab beriladi.
Surishtiruv davomida Samarqand viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va viloyat prokuraturasining ma’lumoti ikki xil ekanligiga guvoh bo‘ldik. Xususan, Samarqand viloyat prokuraturasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro M.S.ning murojaati asosida 2019-yilning 21-dekabr kuni Jomboy tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kelgusida surishtiruv harakatlarini davom ettirish uchun viloyat prokuraturasi orqali Samarqand shahri bo‘yicha IIO huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.
2019-yilning 28-dekabr kuni jinoyat ishi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan ish yurituvga olinib, surishtiruv tergov harakatlari davom ettirilgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida X.Sulaymonova nomli Respublika sud ekspertizasi markazi Samarqand viloyati bo‘limining 2020-yil 6-yanvar kunidagi 24/1.1, 25/2.1-sonli, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB EKBning 2020-yil 25-yanvar kunidagi 14-sonli, Samarqand viloyati IIB EKBning 11-fevral kunidagi 45 va 46-sonli hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazining 2020-yil 9 va 12-mart kunlardagi ekspertiza xulosalariga ko‘ra, M.S.ning 2018-yil 30-yanvar kunidagi rozilik arizasiga uning o‘zi tomonidan imzo qo‘yilib, matn yozilganligi bildirilgan. Shuningdek, Samarqand shahar 16-sonli davlat notarial idorasiga tegishli asl gerbli muhr bosilganligi, mazkur arizadagi qo‘lyozma va imzo ko‘k siyoh rangli ruchka bilan bajarilganligi hamda arizadagi matn qo‘lyozma va imzodan oldin kompyuter texnikasi orqali bajarilganligi ko‘rsatilgan.
Shu bois “Dobriy Doktor Servis” MChJ ta’sischisi Abdunabi Xoliqov mazkur MChJdagi ulushini otasi Po‘lat Xoliqovning nomiga rasmiylashtirishda amaldagi qonunlarda belgilangan tartibdan chetga chiqmaganligi qayd etilgan. Hamda Samarqand shahar 16-sonli notarial idorasi notariusi Baxtiyor Himmatov M.S.ni arizasini O‘zbekistonda notariat haqidagi qonuning 67-moddasiga (hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash) asosan rasmiylashtirgan. Shu sababli holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan jinoyat ishi bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan deb topilib, 2020-yilning 15-mart kuni jinoyat ishi tugatilgan.
2020-yil 17-iyul kuni Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida shahar prokuraturasi orqali Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov bir oy muddatga tiklanib, dastlabki tergov harakatlari olib borishga kirishilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha muqaddam tuzilgan tergov guruhi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan bir qancha qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazilgan. O‘tkazilgan qo‘shimcha tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi 2020-yilning 26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.
Biroq Samarqand viloyat IIB tergov bo‘limi tomonidan fuqaro M.S.ga 2020-yilning 25-sentabr kuni yuborgan xatda Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘i D.Sultonov va X.Allayorovlardan iborat tergovchilar guruhi tuzilib, guruh tarkibida qo‘shimcha tushuntirish harakatlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan.
“Men adolat izlab Samarqand viloyat prokurori va viloyat IIB rahbari bilan uchrashmoqchi bo‘ldim. Ammo har ikkala tashkilot xodimlari meni rahbarlar bilan uchrashtirmadi. Viloyat hokimi qabuliga ham bordim hech qanday natija bo‘lmadi. Hatto O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri qabuliga kirish uchun ikki kun urindim, meni vazir bilan uchrashtirishmadi, — deydi M.S. — Imkon bo‘lsa Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashib, yuzaga kelgan holatni adolatni o‘rganib chiqishlarini so‘rardim. Agar tergovchi to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lsa, nega bosh prokuror Samarqandga sayyor qabul o‘tkazganda u yerga kirishimga qarshilik qildi. Nega Toshkentda IIV vazirini qabuliga borganimda uchrashuvga qo‘ymay, aldab qaytarib yuborishdi? Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini hech kim nazorat qilmaydimi?”.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Izoh (0)