O‘zbekistonda 2020/2021-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra, respublika OTMlari bakalavriatiga jami 140 068 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi, deb xabar bermoqda DTM. Bu o‘tgan yildagi 102 350 nafarga nisbatan 37 718 taga ko‘p.

Foto: “Daryo”

Shundan:

  • davlat granti asosida — 28 173 nafar (jami topshirganlarning 20,1 foizi) abituriyent (2019-yildagi 18 130 nafarga nisbatan 10 043 taga ko‘p);
  • to‘lov-kontrakt asosida — 111 895 nafar (jami topshirganlarning 79,9 foizi) abituriyent (2019-yildagi 84 220 nafarga nisbatan 27 675 taga ko‘p) talabalikka tavsiya etilgan.

Tanlov natijalariga ko‘ra:

  • davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali — 133,3 ballni;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish bali — 110,6 ballni tashkil etdi.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida minimal o‘tish bali 68,0 ball, to‘lov-kontrakt asosida minimal o‘tish bali  56,7 ball etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston OTMlariga 2020/2021-o‘quv yili uchun tasdiqlangan qabul kvotalariga ko‘ra, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 103 575 nafar, sirtqi ta’lim shakliga 31 350 nafar, kechki ta’lim shakliga esa 5025 nafar talaba qabul qilinadi. Shuningdek, OTMlariga kirish uchun 2020-yilda 7 toifadagi 8694 nafar abituriyentga imtiyozli davlat granti ajratiladi. Xotin-qizlarning OTMga kirishida qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosida kvota ajratiladi.

2020/2021-o‘quv yili uchun OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarining natijalari 25-sentabr kuni 15:00 da DTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.