AQSh prezidenti Donald Trampning fikricha, yaqin vaqt ichida Isroil bilan yana 7-9 ta davlat, shu jumladan, Saudiya Arabistoni ham tinchlik kelishuvini imzolaydi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
“Men Saudiya Arabistoni qiroli bilan gaplashdim”, — deya ma’lum qilgan Tramp. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu kelishuv kerakli paytda imzolanadi.
Trampning qayd etishicha, Isroil bilan u avval aytganidek 5-6 ta emas, balki 7-9 ta davlat munosabatlarni yaxshilaydi.
Isroil yangi kelishuvlardan nima olishi haqidagi savolga javob bergan Donald Tramp, “Biz boshqa mamlakatlar bilan ham imzolaymiz. Bu juda kuchli kelishuvlar. Bu jiddiy tinchlik. Isroil oladigan eng asosiy narsa — bu tinchlik”, — deya ta’kidlagan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bundan buyon izolyatsiyada emas. Uning aytishicha, falastinliklar kerakli vaqtda tinchlikka qo‘shiladi. “Biz falastinliklar bilan gaplashyapmiz. Kerakli paytda ular ham qo‘shiladi”, — deya ma’lum qilgan AQSh prezidenti.
“Isroil o‘zini umuman izolyatsiyada his qilmayapti. U o‘z tarixidagi eng buyuk diplomatik g‘alabani boshdan o‘tkazmoqda”, — deya ma’lum qilgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, BAA tashqi ishlar vaziri Abdulla ibn Zayd al-Nahayon va Bahrayn tashqi siyosiy idorasi rahbari Abdullatif al-Zayoniy 15-sentabr kuni Vashingtonda Isroil bilan o‘zaro munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risidagi tinchlik kelishuvini imzoladi.
Izoh (0)