Amerikalik advokat, filantrop va Microsoft korporatsiyasi asoschisining otasi katta Bill Geyts 95 yoshida Sietl yaqinidagi uyida vafot etdi. Bu haqda kichik Bill Geyts o‘zining Instagram’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
The New York Times’ning yozishicha, katta Geyts Alsgeymer kasalligidan aziyat chekib kelgan.
“Otamning o‘limi — oilamiz va uning hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab insonlar uchun og‘ir judolik. Otam uzoq va favqulodda sermazmun hayot kechirdi. Hech qachon undan donolik, mehribonlik va kamtarlikni o‘rganishni to‘xtatmaganman. Melinda ikkimiz uning oldida qarzdormiz, chunki uning jamiyatga xizmat qilishga bo‘lgan intilishlari shaxsiy xayriyamizni ochishimizga ilhomlantirgan. Ko‘p bora aytganimdek, otam haqiqiy Bill Geyts edi. Otam men unga o‘xshashga harakat qilayotgan inson edi”, — deb yozadi milliarder.
Izoh (0)