“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
23:58, 06.08.2020 131607

O‘zbekistonda 6-avgust kuni 742 kishida koronavirus aniqlandi. Olti nafar bemor vafot etdi

O‘zbekistonda 5-avgust soat 23:30 dan 6-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 742 ta holat qayd etildi. Ketma-ket yettinchi kun kunlik kasallanish holati 700 dan yuqori bo‘lmoqda. 1-avgustda 774 kishining kasallanishi hozircha antirekord hisoblanadi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 28535 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 177, “Daryo” hisobi bo‘yicha 185 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 742 kishining 704 nafari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 401 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 129 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 76 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 43 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 33 nafar;
  • Andijon viloyatida — 11 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 11 nafar.

Shuningdek, 38 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida kasallik aniqlangan.

Kun davomida, xuddi bir kun oldin bo‘lganidek, 7 ta hududda koronavirusga chalinish holati kuzatildi.

Toshkent shahrida 401 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyi boshidan beri poytaxtda 2550 kishida koronavirus aniqlandi, bu kunlarning 4 tasida kunlik kasallanish holati 400 dan yuqori bo‘ldi. Eng kam kasallik aniqlangan kunda ham 325 kishida koronavirus qayd etildi. Iyul oyida Toshkent shahrida 2550 nafar bemor aniqlanguncha 15 kun o‘tgandi. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni 17 mingdan oshdi.

Toshkent viloyatida 167 kishida koronavirus qayd etildi. Ulardan 129 nafari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 38 nafari Toshkent viloyatida chegara post orqali xorijdan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida aniqlangan. SSV 9-iyuldan beri xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilar orasida koronavirus aniqlanayotgani haqida xabar bermayotgandi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 6 kuni ichida Toshkent viloyatida 1029 kishida koronavirus aniqlandi.

Samarqand viloyatida 76 kishida koronavirus aniqlandi. Bu viloyatda eng ko‘p kasallik aniqlangan kunlar orasidagi ikkinchi natijadir. 2-avgust kuni Samarqandda 103 kishida koronavirus qayd etilgandi. Viloyatda COVID-19 yuqtirish bilan bog‘liq 1201 ta holat qayd etilgan. Samarqand Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda.

Sirdaryo viloyatida 43 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 4 va 5-avgust kunlari yangi holatlar aniqlanmagandi. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ortda qolgan 21 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 3 baravar (455 nafar)ga ko‘payib, hozirda 668 nafarga yetgan.

Qashqadaryo viloyatida bir kun oldin bo‘lganidek yana 33 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda, karantin cheklovlari yumshatilgach kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 2—3 barobarga ko‘paydi. Qashqadaryoda 3-avgustdan karantin cheklovlari yengillashtirilishni boshlagan. Qarshi shahri barcha avtomobillar uchun ochilib, shaharga belgilangan vaqtda kirib-chiqishga ruxsat etilgan. Qarshi shahridagi sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari shahar maxsus komissiyasi ruxsati bilan 4-avgustdan yana o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, nooziq-ovqat do‘konlari, kiyim-kechak sotuvchi do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi maskanlar faoliyatiga ham ruxsat etilgan. Kitob tumanida 4-avgustdan boshlab “Qalandartepa” buyum bozori, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklandi.

Andijon viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda so‘nggi 21 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1068 nafarga yetgan. Vodiyning qolgan ikki viloyati — Namangan (768 ta holat) va Farg‘ona (300) viloyatlaridagi umumiy kasallanganlar soni ham 1068 nafarga tengdir.

Farg‘ona viloyatida 11 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatdagi umumiy kasallanganlar soni 300 nafarga yetdi. Farg‘ona eng kam kasallik aniqlangan hududlardan biridir. Ushbu viloyatdan ham kamroq holatlar Jizzaxda qayd etilgan. 27-iyul kuni Jizzaxda koronavirusga chalinganlar soni 140 nafarga yetganidan so‘ng yangi holatlar aniqlanmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. 1-avgustdan buyon vazirlik har kuni 6 nafardan bemor vafot etayotgani haqida axborot bermoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 48 yoshli K.N. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 62 yoshli M.M. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 37 yoshli N.O. ismli ayol vafot etgan. Qashqadaryoda 4 kun ichida uch nafar bemor vafot etdi. 3-avgustda Qarshi tumanida yashagan 70 yoshli erkak, 5-avgust kuni Dehqonobodda yashagan 67 yoshli erkak vafoti haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo o‘limlar soni (7 ta) bo‘yicha Buxoro bilan birga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan keyingi o‘rinda bormoqda.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 51 yoshli A.B. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 24 yoshli D.A. ismli ayol vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 81 yoshli K.K. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 177 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 185 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 771 nafar bemordan 728 nafari og‘ir, 217 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar 799, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 228 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

6-avgust kuni 804 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Oxirgi 8 kun ichida 7-marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi kasallanganlar sonidan o‘tib ketmoqda. 6-avgustda tuzalganlarning

  • 468 nafari Toshkent shahrida;
  • 194 nafari Toshkent viloyatida;
  • 53 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 27 nafari Buxoro viloyatida;
  • 27 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 14 nafari Andijon viloyatida;
  • 14 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 7 nafari Navoiy viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 28 535 nafar bemordan 19 587 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 68 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 27-iyun kuni davolanish ko‘rsatkichi 68 foiz bo‘lgandi. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkich faqat pastlab, 21-23-iyul kunlari 53 foizgacha tushib ketgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6686 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 19, Navoiyda 37, Xorazmda 44, Qoraqalpog‘istonda 60, Samarqandda 144, Andijonda 74, Sirdaryoda 87, Namanganda 109, Qashqadaryoda 124, Surxondaryoda 130, Buxoroda 134 va Toshkent viloyatida 1110 nafar bemor qoldi.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar