Koronavirusning boshqa shamollash va o‘tkir respirator kasalliklardan farqli bo‘lgan jihatlari aytildi
AOKA shtabida tashkil qilingan brifingda Sanitariya epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov O‘RVI, shamollash, tumovning koronavirusdan farqli jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Mutaxassis koronavirus kasalligida ham ko‘p uchraydigan ayrim erta belgilar shamollash, o‘tkir respirator virusli kasalliklari va gripp kasalligi belgilariga o‘xshashini alohida ta’kidladi. Jumladan:
tana haroratining ko‘tarilishi;
umumiy holsizlik;
ishtahaning yo‘qolishi;
mushaklardagi og‘riq;
ta’m va hid sezmaslik.
Ammo koronavirus o‘rta og‘ir va o‘ta og‘ir kechishida kasallikning 5—7-kunida tana harorati 38-39 darajadan oshadi, nafas yetishmovchiligi, hansirash paydo bo‘ladi, oddiy shamollash va grippda esa aksincha 3-4 kundan keyin bemor ahvoli yaxshilanib boradi. Bundan tashqari, koronavirus kasalligini aniq tashxislash uchun epidemiologik anamnez, PZR tekshiruvi javobi musbat bo‘lishi, kislorod saturatsiyasi 90% dan kamayishi, MSKTda xarakterli “bug‘li oyna” simptomi kuzatilishini inobatga olish zarurligi qo‘shimcha qilindi.
Virusning yashirin (inkubatsion) davri 2 kundan 12 kungacha cho‘ziladi, biroq o‘rtacha 7 kunni tashkil etadi. Koronavirus yuqqandan keyin 2 kundan 12 kungacha o‘z simptomlarini sezdirmasligi mumkin. Bu vaqtda yashirin virus tashuvchi kishi o‘zining xastalanganini bilmagan holda muloqotga kirishgan kishilarga, oila a’zolariga kasallikni yuqtirishi mumkin. Otabekov bu davrda faqatgina test topshirish orqali kasallik borligini aniqlash mumkinligiga urg‘u berdi.
Izoh (0)