Qoraqalpog‘istondagi “Makan.uz”, “Kruz.uz” va “Kar24.uz” nashrlarining bosh muharrirlari “Repost.uz”ning Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov vafot etgani (u hozirgi vaqtda koronavirusdan davolanmoqda) haqidagi xabarlarini qayta chop etganidan so‘ng prokuraturaga chaqirildi. “Gazeta.uz” saytlarning rahbarlari bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga urindi.
25-iyul oqshomida Telegram’da “Repost.uz” saytiga havola ko‘rsatilgani holda Musa Yerniyazovning vafot etgani haqida xabar tarqala boshlandi. Xabar 20-iyul sanasi bilan chiqarilgan va saytning bosh sahifasida yo‘q (ko‘rinmayotgan) edi. Yangilikni bir qator blogerlar, shuningdek, “Makan.uz” va “Kruz.uz” nashrlarining Telegram kanallari qayta chop etdi. “Kar24.uz” sayti esa o‘z kanalida Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi xabarlarga raddiya berdi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, “Repost.uz” sayti “boshqaruv paneliga buzib kirilishi natijasida haqiqatga mos kelmaydigan axborot chop etilgani”ni ma’lum qildi. Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatlari ham senatorning vafot etgani haqidagi xabarni rad etib chiqdi.
“Bizda Musa Yerniyazov kuniga 2-3 marta ‘o‘ladi’”
“Makan.uz” sayti ta’sischisi va bosh muharriri Lolagul Qallixanova “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda “Repost.uz”ning Musa Yerniyazov vafot etgani haqidagi xabarini tanishidan olganini ma’lum qildi.“Bizda Musa Yerniyazov 5-iyuldan beri kuniga 2-3 marta ‘o‘ladi’. Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonda koronavirus sabab yuz bergan o‘lim holatlari haqida birinchi bo‘lib Toshkentdan xabar berishadi, chunki bizda jurnalistlar uchun bunday axborot uchun yo‘l yopiq. Men ushbu nashr xabariga ishondim, ularning manbasi bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, xabarni olib, manbani ko‘rsatgan holda kanalimda chiqardim”, — dedi u.
“Keyinroq ‘Repost.uz’ning xabari 20-iyul sanasi bilan chiqarilganini payqab qoldim. Sanani alohida belgilab, skrinshot oldim va uni ham chiqardim. E’lon qilgan xabarim matnida Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatidan ushbu axborotga oydinlik kiritishni ham so‘ragandim”, — deya qayd etdi Lolagul Qallixanova.
Telegram-bot orqali “Repost.uz”dagi yangilik o‘chirilgani haqida xabar topgach, u yana skrinshot olib, buni ham kanalida chop etgan. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay “Repost.uz” va Jo‘qorg‘i Kengesning raddiyalari chiqqan.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bu voqealarning bari 22:30 dan yarim tunga qadar davom etgan. “Endi uxlashga yotganimda menga ‘Kruz.uz’ bosh muharriri Iskandar Yusupov qo‘ng‘iroq qilib, uning oldiga odamlar kelgani va ular bilan birga Musa Yerniyazov ishi bo‘yicha bo‘linmaga borib kelishlari kerakligini aytdi... Bungacha menga ikkita notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilishgan, lekin kech tushib qolgani uchun javob bermagandim. Suhbat vaqtida u ketayotganini aytdi. Ular Nukus shahar militsiya bo‘linmasiga ketyapti, deb o‘yladim va xabar berishsa, ertaga o‘sha yerga borishni rejalashtirib turgandim”, — dedi Lolagul Qallixanova.
“Makan.uz” rahbarining aytishicha, uni prokuraturaga olib ketish uchun uyining oldiga huquq-tartibot organlarining oltita mashinasi kelgan.
“Hovlimiz shunaqaki, yo‘lning bir tomonidan eski uyimizga, boshqa tomonidan yangisiga chiqish mumkin. Men eski uydagi karavotda uxlayotgandim. Iskandarning qo‘ng‘irog‘idan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas darvozamiz oldida oltita mashina — bitta Damas va beshta yengil mashina paydo bo‘ldi. Aftidan, qo‘rqib ketmasligim uchunmi, xodimlar orasida bir qiz ham bor edi. Mashinalarda yashil, ko‘k, fuqarolik kiyimidagi erkaklar ko‘p edi. Kiyimimni almashtirish uchun xonamga kirdim. Shu vaqt menga tanish bloger telefon qildi. Meni hozir mana shunday qilib mashinalarda olib ketishmoqchi ekanini unga aytdim. Qo‘rqib ketgandim, chunki shu vaqtgacha hayotimda bunday holatga tushmagandim. Shundan so‘ng IIB va prokuratura xodimlari oyoq kiyimlarini yechmay uyimizga bostirib kirib, xonamga kirishdi va fuqarolik kiyimidagi haligi qiz qo‘limdan telefonimni tortib oldi”, — dedi u.
Jurnalistning qayd etishicha, xodimlarning hech biri o‘zini tanishtirmagan va guvohnomalarini ko‘rsatmagan. Ayni vaqtda uni prokuraturaga olib ketish uchun hech kim kuch ishlatmagan (telefon tortib olingani hisobga olinmasa). Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘roqni Aziz ismli tergovchi olib borgan, u “Makan.uz” bosh muharriridan xabarni chiqarishdan avval nega aniqlashtirmaganini so‘ragan.
Lolagul Qallixonova “Makan.uz” sayti 5-iyul kuni Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibi Bayram Aytmurotovga asoslanib, Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingani haqidagi gap-so‘zlar yolg‘onligi haqida raddiya bergan. Biroq 17-iyul videoselektor yig‘ilishida Musa Yerniyazovning ahvoli haqida Prezidentning o‘zi ma’lum qildi, 18-iyul kuni esa Sog‘liqni saqlash vazirligi Yerniyazovning koronavirusga chalinganini tasdiqladi (avvalroq “Gazeta.uz” Musa Yerniyazovning kasallikka chalingani haqida 2-iyul kuni xabar topgani, biroq o‘shanda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Nukusdagi shtab, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kengesi bu gap-so‘zlarni rad etgani haqida xabar berilgan edi).
“Shundan keyin menda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibiga nisbatan ishonch qolmagandi. Feyk xabarga qarshi raddiyaning o‘zi feyk bo‘lib chiqdi — bu mushtariylar oldida meni obro‘sizlantirdi... Men Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalingan bemorlarning o‘limi haqida ko‘plab xabarlar yozganman. Menga manbalardan akasi, opasi, rafiqasi, tez yordam haydovchisi vafot etgani haqida xabarlar kelib tushadi. Rahbarlar ham vafot etmoqda. Yaqinda Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi direktori Baxitbek Yelmanov koronavirus oqibatida vafot etdi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bu haqdagi axborotni yashirgan edi”, — dedi u.
Jurnalistning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘istonda axborot tarqalishi “qattiq cheklanadi”.
“Bizda yolg‘onlar shu qadar ko‘pki, bu haqda qoraqalpoqcha yozilgani bois o‘zbek segmenti bundan mutlaqo bexabar. Qoraqalpog‘istonda axborot qattiq cheklanadi. Koronavirusdan o‘lim holatlariga doir rasmiy statistikaga ham ishonib bo‘lmaydi. Qo‘shnimizning eri mozorda go‘rkov bo‘lib ishlaydi. Ishda uning tushlik qilib olishiga ham vaqti yo‘q. COVID-19’dan ko‘plab odamlar vafot etmoqda, biroq barchaga pnevmoniya deb tashxis yozilyapti. Shu bois ham men bu axborotni matbuot xizmatidan aniqlashtirib o‘tirmadim”, — deya ma’lum qildi u.
Lolagul Qallixanova manbasi “Repost.uz” bo‘lgan axborotni chop etgani uchun o‘zini javobgar deb hisoblamaydi.
“Mendan telefonimni blokdan chiqarib berishni so‘rashdi va ikki ikki kishining guvohligida tilxat yozib, uni konvertga solib qo‘yishdi. Nega telefonimni olib qo‘yishni xohlashgan bo‘lishligi mumkin? Men Musa Yerniyazovning o‘limi haqida Telegram orqali xabar topdim. Meni ushlashgan vaqtda boshqa bir bloger “Makan.uz” jurnalisti va boshqalarni prokuraturaga olib ketishgani haqida darhol yozdi. Shundan so‘ng menga xabarni yuborgan odam xabarini o‘chirib tashladi. Men xabarni “Repost.uz” saytini ochib olganimni aytgandim. Lekin havola tashrif buyurilgan sahifalar tarixi saqlanib qoladigan Google Chrome’da emas, balki Telegram’ning ichki brauzerida ochilgan edi. Shu bois bu harakat Telegram xotirasida saqlanib qolmagan. Shu bois buni tushunadigan mutaxassis tekshirib ko‘rishi uchun telefonimni olib qo‘yishdi”, — dedi bosh muharrir.
Uning ta’kidlashicha, u prokuraturada hamkasblarini ko‘rmagan, biroq 28 yoki 29-xonada so‘roq qilinayotgan Iskandar Yusupovning, 27-xonada so‘roq qilinayotgan Kumar Begniyazovaning ovozini eshitgan. Lolagulning o‘zi bilan suhbat 23—24-xonalarda bo‘lib o‘tgan. “Men buni yon daftarimga yozib olgandim, biroq uni mendan olib qo‘yib, varaqlarini uzib olishdi, ketayotganimda yon daftarimni qaytarib berishdi”, — dedi u.
Jurnalist uning keyingi xabarlari o‘chirilmasligi haqida prokuraturani ogohlantirgan, chunki “Makan.uz” sayti rasman ro‘yxatdan o‘tgan va ro‘yxatdan o‘tganlik haqida guvohnomaga ega. “Ular mening ishimga aralashishga haqli emas”, — deya qayd etib o‘tdi u.
Lolagul Qallixanovaning taxminicha, uning telefoni koronavirus asoratlari oqibatida vafot etganlar haqida xabar yuborayotgan manbalarni aniqlash maqsadida olib qo‘yilgan. “Shu bois, nazarimda, ularning kontaktlarini o‘chirib yuborishga ulgurmasligim uchun telefonimni tortib olishdi”, — deb hisoblamoqda jurnalist.
“Makan.uz” prokuraturaga ariza berish niyatida emas, chunki uni “mahalliy telekanalga olib chiqib, omma oldida so‘rashga majbur qilishlari”ni xohlamaydi. “Men ularning oldida bu qadar past ketmoqchi emasman... Men siyosatga qarshi yurayotgan muxolifatchi emasman-ku. Men baribir shu davlat organlari bilan ishlashim kerak... Men har narsaga tayyorman, chunki haqiqat yo‘liga kirganman, nimalar bo‘lishi mumkinligini bilaman”, — dedi u.
Jurnalistning ta’kidlashicha, u prokuraturada to‘rt soat bo‘lgan va uyiga tonggi 4:00 da qaytib kelgan.
“Mendan telefon va noutbukimni olib kelishni so‘rashdi, qarshilik ko‘rsatmagin, deyishdi”
“Kruz.uz” bosh muharriri Iskandar Yusupov “Gazeta.uz” bilan suhbatda Musa Yerniyazovning vafoti haqida birinchi bo‘lib “Makan.uz” Telegram kanali “Repost.uz”ga asoslangan holda yozganini aytib o‘tdi. Yusupov ham bu axborotni qayta chop etishga qaror qilgan — ayni vaqtda u xabar 20-iyul sanasi bilan chiqarilganini ko‘rsatib, xabar matnida Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatidan vaziyatga oydinlik kiritishni so‘ragan.
“Chunki ‘Repost.uz’ va ‘Makan.uz’ning xabarlaridan so‘ng mish-mishlar tarqalib bo‘lgandi. Shundan so‘ng ko‘pchilik bizga savol bilan murojaat qila boshladi. Shundan keyin biz ‘Kun.uz’ jurnalisti Alisher Ro‘zioxunovning Telegram kanaliga asoslanib, Musa Yerniyazov vafot etmagani haqida yozdik. Men, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibi bilan ham gaplashdim, u ham axborotni rad etdi. Oxiri ‘Repost.uz’ xakerlar hujumiga uchraganini ma’lum qildi. Biz buni ham yozdik”, — deydi u.
Iskandar Yusupov ham prokuraturaga yarim tunda chaqirilgan.
“Bizga o‘zini IIV xodimi deb tanishtirgan odam qo‘ng‘iroq qildi va e’lon qilingan xabarlar yuzasidan hammani prokuraturaga to‘plashayotganini aytdi. Meni mashinada olib ketishlarini aytishdi. Chiqib turdim, yarim tundan o‘tgach olib ketishdi. Mendan nega bunday qilganimizni so‘rashdi. Men aniqlashtirilishi uchun savol qo‘yib, xabar chiqarganimizni aytdim. Soat 1:00 larga yaqin mendan tushuntirish xati olishdi”, — dedi jurnalist.
“Kruz.uz” rahbari prokuraturada 3,5 soat bo‘lgani va uyga soat 3:30 larda qaytganini aytdi.
“Telefon va noutbukimni uyda qoldirib kelgandim. Ular mendan qurilmalarni olib kelishni, bu ularga kerakligini aytishdi va mendan qarshilik ko‘rsatmasligimni so‘rashdi. Uyga borib olib keldim. Noutbukda bor narsa telefonda ham borligini, faqat telefonni olib qolishlarini so‘radim. Biroq ular noutbukni ham olib qolishlarini aytishdi. Faqat men bilan shunday bo‘ldi — ‘Makan.uz’ va ‘Kar24.uz’dan faqat telefonlarini olib qolishdi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, telefonini guvohlar ishtirokida konvertga solishgan va uni o‘zining guvohligidagina ochishlarini aytishgan.
“Menga telefonim konvertda ekani, uni mendan boshqa hech kim ochmasligini, uni mening ishtirokimda tekshirishlarini aytishdi. Biroq kompyuter uchun konvert berishmadi, shunday qolaversa ham bo‘ladi, deyishdi. Unga qandaydir ma’lumot kiritib qo‘yilmasligiga kim kafolat beradi? Men ularga ishonmasligimni va kompyuterni olib ketishimni aytdim. Shundan keyin ular qandaydir qog‘ozlar topib, ularni skotch bilan bir-biriga ulab, o‘rab chiqishdi. Ular telefonim va noutbukimni faqat mening guvohligimda ochishga va’da berishdi. Qo‘limga hech qanday hujjat yo ma’lumotnoma berishgani yo‘q, biroq hammasi guvohlar ishtirokida rasmiylashtirilishini aytishdi”, — dedi Iskandar Yusupov.
Jurnalist umrida ilk bor prokuraturaga chaqirilganini tan oldi: “Bungacha bunday holat bo‘lmagandi. Aslida soat 22:00 dan 6:00 gacha so‘roqqa chaqirmasliklari kerak”.
“Biz o‘sha xabarni chop etmagan bo‘lsak-da, bizni so‘roqqa chaqirishgani g‘alati”
“Kar24.uz” bosh muharriri Kumar Begniyazovaning ta’kidlashicha, u Musa Yerniyazovning o‘limi haqida yuborilgan xabarni olgan, biroq “Repost.uz”ning xabarini chop etmagan. Jurnalist ushbu axborotni Jo‘qorg‘i Kenges matbuot kotibidan aniqlashtirib, raddiya bergan, keyin O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatlari axborotlarini e’lon qilgan.
“Shundan so‘ng soat taxminan 00:30 da prokuraturadan telefon qilib, bir necha savollari borligini, tushuntirish xati yozib berishim kerakligini aytishdi. Men yaxshi dedim, chunki Musa Yerniyazovning o‘limi haqida yozmaganim uchun bunga javob bera olaman. Prokuraturaga shaxsiy avtomobilda yo‘lboshlovchi mashina bilan bordim, meni olib ketishgani yo‘q. Tergovchi savollar berib, kompyuterdagi tushuntirish xatiga javoblarimni yozib bordi. Shundan so‘ng ikki guvoh ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilishini aytishdi. Men to‘polon ko‘tardim, chunki biz ayblanuvchimizmi yo gumon qilinuvchimizmi, yo kimnidir o‘ldirdikmi, tushuna olmayotgandim. Shundan so‘ng telefonimni tekshirish kerakligini tushuntirishdi. Saytni ham guvohlar ishtirokida tekshirishdi. Soat taxminan 3:00 larda uyga qaytib keldim”, — dedi u.
Kumar Begniyazovaning aytishicha, uning telefonini olib qo‘yishmagan. “Meni yarim kechasi chaqirishganidan va bola bilan borishga majbur bo‘lganimdan g‘azablandim. Biz o‘sha xabarni chop etmagan bo‘lsak-da, bizni so‘roqqa chaqirishgani g‘alati”, — dedi jurnalist. Uning taxminicha, “Kar24.uz” saytini Musa Yerniyazovning o‘limi haqida xabar bergan “Qaraqalpaq 24” Telegram kanali bilan adashtirib yuborgan bo‘lishlari mumkin.
Kumar Begniyazova huquqni muhofaza qiluvchi organlardan nima uchun prokuratura yarim kechasi so‘roqqa chaqirgani va chaqiruv sabablari asoslantirilmagani, nega “Repost.uz”ning haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabari uchun boshqa nashrlar javob berishi kerakligi yuzasidan tushuntirish berilishini talab qilmoqda. Shu bilan birga, u “Repost.uz” sayti haqiqatan ham xakerlik hujumiga uchraganmi yoki yo‘q, shuni ham tekshirishni so‘ramoqda.
Prokuratura
Qoraqalpog‘iston prokuraturasi nashrlarning muharrirlari idoraga chaqirilganini tasdiqladi.“Xabaringiz bor, har qanday yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Ushbu yolg‘on xabarni tarqatgan va uni qoraqalpoq tiliga o‘girib, o‘zining Telegram kanallariga joylashtirgan sayt muharrirlari prokuratura organlariga chaqirtirilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi”, — deyiladi prokuratura xabarida.
Idora ushbu holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilayotganini qayd etib o‘tdi. O‘z navbatida, 27-iyul qo‘shimcha ravishda jurnalistlarga so‘roq vaqtida ichki ishlar va prokuratura organlari xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilmagani ma’lum qilindi.
“Gazeta.uz”ning qayd etishicha, ushbu material tayyorlanayotgan vaqtda “Makan.uz” sayti Musa Yerniyazovning vafoti haqidagi xabarlar sabab 26-iyul kuni soat taxminan 18:00 da bloger Shuhrat Saidahmadov ham Nukus shahar IIBga chaqirilgani haqida xabar berdi. Uning ham telefoni va noutbuki olib qo‘yilgan. Bloger tushuntirish xati yozib bergan.
Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.
“Daryo” Qoraqalpog‘istonda jurnalist va blogerlar atrofida yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan axborot olish maqsadida 26-iyul, yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston prokuraturasi matbuot kotibi Gulsanam Bekniyazova bilan bog‘landi. Bekniyazova dam olish kuni bo‘lgani uchun uyda ekani, dushanba kuni ishga chiqqach, vaziyat yuzasidan batafsil axborot bera olishini bildirdi. Dushanba kuni esa muxbirlarning qo‘ng‘iroqlariga ham, xabarlariga ham javob bermadi.
Izoh (0)