“Barselona” akademiyasi direktori Patrik Klyuvert katalon klubi bosh murabbiyiga aylanashi mumkin, deya xabar qilmoqda Mundo Deportivo.
Klyuvert nomzodini “Barselona” futbolchilari qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘yinchilar 44 yoshli mutaxassisga yetakchi va “Barselona” uslubiga mos tushadigan murabbiy sifatida qaramoqda.
Patrik Klyuvert “Barselona”da 1998—2004-yillar mobaynida to‘p surgan va 257 o‘yinda 122 ta gol urgan.
Ayni damda “ko‘k-anorranglilar”ni Kike Setyen boshqarib bormoqda. 61 yoshli mutaxassis yanvar oyida Ernesto Valverdening o‘rinini egallagandi. Avvalroq Setyen mavsum oxirigacha jamoada qolishi xabar qilingandi.
Shuningdek, portugaliyalik agent Jorje Mendesh “Barselona”ga PSJ klubi va Fransiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Loran Blan xizmatlarini taklif qilgan. Diario Sport nashrining xabariga ko‘ra, rahbariyat ushbu variantni o‘rganib chiqmoqda.
“Barselona” La Liga joriy mavsumida chempionlikni “Real”ga boy berib qo‘ydi va Ispaniya Kubogi musobaqasini ham erta tark etdi. Ayni damda klub faqat Chempionlar Ligasida sovrin uchun kurashmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)